Breaking News

AQSh harbiylari Afg’onistonda millionlab dollar sovurgan


Afg’onistondagi loyihalar ustidan tekshiruv natijalari shuni ko’rsatmoqdaki, Amerika harbiylari mamlakat janubida 34 million dollarlik bir imorat qurdirgan, ammo undan hech kim foydalanmaydi.
AQSh harbiylari Afg’onistonda millionlab dollar sovurgan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00
Yuklab oling

Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspeksiya Hilmand viloyatidagi bu qimmat imoratni isrofgarchilik timsoli, deya tanqid qilmoqda.

2008-yilda tuzilgan bu idora AQSh ajratgan yordam va mablag’lar Afg’onistonda qay maqsadlarga ishlatilayotganini tekshirib, Kongressga yiliga to’rt bor hisobot beradi. So’nggi tekshiruv natijalari yuzasidan Mudofaa vaziri Chak Xeygl va boshqa harbiy yetakchilardan izoh talab qilinyapti.

Britaniyaning “AMEC” firmasi 2011-yilda qura boshlagan inshoot mintaqaviy harbiy istehkomga aylanishi ko’zlangan edi. Biroq harbiylarning tan olishicha, bunga hojat yo’q.

Olti ming kvadrat metrga teng bino Afg’oniston janubidagi olis xilvat bir bazada joylashgan bo’lib, asosan yirik ofislardan iborat. Isitish, sovutish va ventilyatsiya sistemalariga katta mablag’ sarflangan. Bir-yarim ming odam bu yerda ishlashi mumkin.

Inspektorlarning aytishicha, loyiha hali boshlanmasdan turib ayrim qo’mondonlar uning keraksiz ekanini qayta-qayta ta’kidlagan. Amerikalik soliq to’lovchilarning puli shu tariqa nest-nobud qilingani tashvishga molik va Mudofaa vaziri Chak Xeygldan bir qancha savollarga javob berish so’ralyapti.

Pentagon so’zlovchisi Jorj Littl hisobot o’rganib chiqilayotganini bildirdi. Vazir unga rasman javob berish-bermasligi hozircha no’ma’lum.

Zobitlar asta-sekin Afg’onistonni tark etishi bilan harbiy bazalar soni ham kamayadi. Hisobotda yozilishicha, yangi binoni buzish yoki uni Afg’oniston hukumatiga topshirishdan boshqa yo’l yo’q.

Harbiy jurnalist Den Lamot o’tgan yili Hilmandga safar qilib, inshootni o’z ko’zi bilan ko’rgan. U “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, afg’on hukumati bu zamonaviy istehkomni yuritishga qodir emas. Buning ustiga, uning elektr tizimlari ham Amerika standardlariga mos qilib loyihalashtirilgan.

“Bilasizmi, Hilmand viloyati va poytaxt Kobulni o’ziga xos ikki alohida davlat deyish mumkin. Hukumat Hilmandda nimalar bo’layotganidan ko’pincha bexabar, yirik bazani Kobuldan boshqarish bo’lmaydigan ish”, - deydi jurnalist.

Hilmandning Tag’az tumanida 1,5 oy yashab, mahalliy politsiya faoliyatini yoritgan Den Lamot behuda sarfiyatga yana bir misol keltiradi. Qo’shma Shtatlar bu yerda politsiya idorasi qurib, uni oshxona va zamonaviy hojatlxonalar bilan jihozlagan.

“Lekin oradan vaqt o’tib, hojatxonalarning yer osti konteynerlari axlatga to’lib, yaroqsiz ahvolga keldi. Chunki ularga qaraydigan mutaxassislar yo’q. Ta’mir uchun kim javobgar ekani, xarajatlarni kim qoplashi mahalliy hukumat bilan kelishilmagan”, - deya hikoya qiladi muxbir.

Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspeksiya o’z tekshiruvi davomida boshqa isrofgarchilik hollarini ham aniqladi. Masalan, Hilmanddagi yirik harbiy bazada 11 million dollar xarajat qilib o’rnatilgan to’rt chiqindi pechlaridan ikkitasi bekor yotibdi, yana ikkitasi to’liq ishlatilmayapti.

24 tonnali bu apparatlar bo’la turib, bazadan chiqadigan axlatning katta qismi ko’chadagi xandaqlarda yoqiladi, 13 yarim ming harbiy va mahalliy aholi sog’lig’ini xavf ostiga qo’yadi.

Bosh inspektorning qayd etishicha, chiqindini ochiq havoda yoqish nafaqat AQSh hukumati belgilagan tartib-qoidalarga zid, balki har kungi zaharli tutunlar o’pkani ishdan chiqarishi va astma bilan kasallanishga olib keladi.

Hilmandda qurilgan harbiy istehkom bo'm-bo'sh:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG