Afg'onistonda o'zbek ayollari bugungi kun haqida nima deydi?


Najiba Qurayshiy, Juzijon viloyatida ayollar masalalari bo’yicha idora raisi

Najiba Qurayshiy, Juzijon viloyatida ayollar masalalari bo’yicha idora raisi

8-mart – Xalqaro xotin qizlar kuni arafasida Afg’onistondagi vaziyatga nazar tashlasak. Bu yurt ayollari kelajakdan xavotirda. Xavfsizlik hamon asosiy muammo. Ishsizlik keng. Iqtisod zaif. Biroq kelajakka umid so'nmagan. Vaziyat Tolibon davridan beri ancha yaxshilangan, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan xotin-qizlar.

Juzijon viloyatida ayollar masalalari bo’yicha idora raisi Najiba Qurayshiy bir faktga urg’u beradi: aksariyat qizlar ular bilan maslahatsiz erga beriladi. Unashtirilgan ba’zi qizlar esa hatto boshqa bir odam bilan turmush qurishga qaror qilib uylarini tark etishadi. Bunga ota-onalar aybdor, deydi u.

“Qizlarga ko’proq o’z oilasi tomonidan zarar yetadi. To’qqiz yoshli qiz bolani otasi qaysi bir odamga nikoh qilib berishga va’da qilgan ekan. Sinchiklab so’rab ko’rsak, qizning inog’asi qaysi bir qizni olib qochgan ekan. Qizning otasi to’qqiz yoshli qizini voyaga yetishi bilan oilali erkakning nikohiga berishga qaror qiladi”,- deydi Najiba Qurayshiy

Qizlarning qalini juda qimmat. 5 ming dollardan 15 dollargacha. Bunga qurbi yetmagan yoshlar 5-6 yilga qadar unashtirilgan holda qolib ketadi. Qizining taqdirini o’ylaydigan oilalar ham bor, lekin bundaylar kamdan kam uchraydi.

“Ba’zi viloyatlarda qizlar qimorga ham qo’yiladi. Bu juda achinarli. Oilalarga xudo tavfiq bersin, ular ham farzandlari haqida chuqurroq o’ylasinlar”,- deydi Qurayshiy

Najiba Qurayshiy ayollar uchun ish o’rinlari yo’qligini ham katta muammo sifatida tilga oladi. Hunarmand ayollar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning bozori sust.

Zuyo Zulol, yetakchi ayollardan

Zuyo Zulol, yetakchi ayollardan

Zuyo Zulol - ayollar ishlari bilan mashg’ul idora rahbari. Shaharda yashaydigan ayollar va qishloqdagi ayollar orasida katta farq bor. Shahardagilar o’z haqlari xususida ko’proq bilishadi, deydi Zulol, zo’ravonlikka duch kelganlarida hukumatga murojaat qiladilar, lekin qishloq xotin-qizlarining ahvoli og’ir.

Suhbatdoshimiz nazarida bugun Afg’onistonda ayollar ahvoli ancha yaxshilangan.

“Zo’ravonliklar soni ko’paygan deyiladi, lekin biz agar avval bilan hozirni qiyoslasak, oldinlari ayollar zo’ravonliklarga chidab yashar edi. Hozir ular o’z huquqlari haqida bilshadi”,- deydi Zuyo Zulol.

Senator Nabiya Mustafozoda qonun amaliyotiga e’tiborni oshirish kerak. Diniy majlislarda ayollar huquqlari haqida gapirilsa vaziyat yaxshilanishi mumkin. Bunda esa ulamoning roli va ta’siri juda kuchli, deydi u.

Tolibon azaldan xotin-qizlar erkinligiga qarshi, deydi senator.

“Tolibonning ayollar o’qimasain, ishlamasin, uylaridan chiqmasin degan gaplari odamlarga o’z ta’sirini qoldirgan. Hatto davlat idoralarini boshqarayotgan erkak rahbarlar ham ayol xodimlariga nisbatan zo’ravon degan gaplarni ham eshitaman”,- deydi Nabiya Mustafozoda.

Hozirda qizlarning maktab va oliygohlarda o’qiyotgani kelajakka nisbatan umidni oshiradi, deydi senator.

XS
SM
MD
LG