Afg’onistonda o’zbeklarga qarshi tazyiq kuchaymoqdami?


Afg'onistondagi o'zbeklar jamoasi yetakchisi sanaladigan Abdul Rashid Do'stim tarafdorlari davrasida, 16 avgust, 2009-yil.

Afg’on hukumati rahbariyati tomonidan etnik ozchilik bo'lgan o’zbeklarga nisbatan siyosiy tazyiqlar kuchayotgani aytilmoqda. So’nggi paytlarda ular ancha avj olgan. O’zbek faollari ishdan olingan. Qolganlariga iste’fo berishi uchun bosimlar kuchaygan. Hukumatning bu ishi o’zbek jamoasining qarshiligiga duch kelmoqda. Payshanba kuni deputatlik vakolati to’xtatib qo’yilgan to’rt qonunchining bittasi o’zbek, faryoblik Bashir Ahmad Tayanchdir.

Afg’oniston parlamenti a’zosi Bashir Ahmad Tayanch hukumatda adolatsizlik keng tarqalganini aytar ekan, bu ishda Prezident Ashraf G’anining qo’li borligini bildiradi. Tayanch Prezident G’anini xudbinlikda ayblaydi.
“Bugun ko’pchilik siyosiy jarayonlar Afg’on hukumatidan norozi, sababi ham adolatsizlik. Parlamentdagi so’nggi o’zgarishlar ham aynan prezident saroyi bilan uyg’unlikda bo’lgan bir ish.”, - deydi faryoblik deputat Bashir Ahmad Tayanch.

Suhbatdoshimiz hukumatni tanqid qilgani uchun bunday tazyiqqa uchraganini ma’lum qiladi. U hukumat rahbarini maslahat-tanqidni yoqtirmayotgani va ayni holda hukumatni tanqid qilayotganlarga bosim o’tkazayotgani va hatto ularga tahdid qilayotganini aytadi.

Lekin Bashir Ahmad Tayanch ishida davom etishini ta’kidlaydi.

“Bizni o’ziga qarshi dushman deb biladi. Ovozimizni o’chirishga harakat qiladi. Lekin biz xalqimizning haqqi uchun kurashamiz, bunday xatti-harakatlarni o’zimizga to’siq deb hisoblamaymiz”,- deydi Tayanch.

O’zbeklar ishdan olinar ekan, Tayanch Ashraf G’anini va’dasini buzganlikda aybladi. Saylovoldi targ’ibotida uni himoyalagan qatlamga ish topib berish o’rniga, o’zbeklarni kamsitayotgani va siyosiy faoliyat doirasini tor qilishga urinayotganini bildiradi.

“Prezident va uning yaqinlari bir narsa deydi-yu boshqa bir narsa qiladi. Mahalliy muammolarni hal qilamiz, yuksalish loyihalarini tatbiq qilamiz, kadrlarga ish o’rinlari yaratib beramiz degan bo’lsa ham, amalda hech narsa o’zgarmagan. Davlat idoralarida ishlab yurgan o’zbeklar ham bosim ostida”, - deydi deputat.

Tahlilchi Asadulloh Nadim o’zbek vakillari va senatorlarini tanqid qiladi. Uzoqni o’ylaydigan reja bilan chiqmagan ular, deydi tahlilchi.

Bosh qonunda belgilangan haq-huquqqa ega chiqish uchun strategiya zarur, deydi u.

“15 yildan beri, ayniqsa, o’zbeklar va turkmanlarga zulm bo’lgan. Bularning hammasi ham hukumat tomonidan emas, o’zbek siyosiylari ham aybdor. O’zbek, turkman siyosatchilari ham burchlarini bajarmagan. Ular xalq haqqi uchun birlashsinlar. Gina-adovatga chek qo’ysinlar. Chunki xalq mafaati shaxsiy manfaatdan ustundir”,- deydi Asadulloh Nadim.

O’zbek siyosiy faollari o’rtasida birdamlikning yo’qligi ham tanqid ostida ekan, Bashir Ahmad Tayanch yaqin kunlarda o’zbek siyosiy qatlamini birlashtirishga qaratilgan sa’y-harakat va uning natijalari chiqishini ma’lum qildi.

Deputat kelajakdan unchalik umidvor emas. Agar o’zbeklarga qarshi siyosiy tazyiqlar davom etgan taqdirda o’zbek xalqi va hukumat o’rtasida to’qnashuv yuz berishi mumkinligidan ogohlantiradi.

“B’azi narsalarni vaqtning o’tishi hal qiladi. Hozir o’zgarishga befarq bo’lmaslik ham shundan kelib chiqadi. Biz xalq vakillari o’laroq harakat qilmoqdamiz”,- deydi Bashir Ahmad Tayanch.

O’zbeklar siyosiy hayotidagi vaziyat qaltis ekan, qonunchi Bashir Ahmad Tayanch faollarning birlashishi juda zarur ekanini urg’ulaydi.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG