Kobuldagi xuruj kamida 20 odamni hayotdan olib ketdi

  • Amerika Ovozi

Xavfsizlik kuchlari xuruj yuz bergan joyni ko'zdan kechirmoqda, Kobul, Afg'oniston, 1-fevral, 2016-yil.

Xavfsizlik kuchlari xuruj yuz bergan joyni ko'zdan kechirmoqda, Kobul, Afg'oniston, 1-fevral, 2016-yil.

Afg'oniston poytaxti Kobulda politsiya idorasiga xudkushlik hujumi uyushtirilgan. Hodisada kamida 20 odam o'lgan, 12 kishi yaralangan. Halok bo'lganlarning barchasi politsiyachilar ekani aytilmoqda.

Hujum uchun mas'uliyatni Tolibon o'z zimmasiga oldi.

Kobulning jinoyat surishtiruv bo'limi rahbari bergan ma'lumotga ko'ra, qo'riqchilar shubhali ko'ringan shaxsni to'xtatishga uringanda, xudkush bombachi o'zini portlatib yuborgan.

Xuruj Tolibon va hukumat o'rtasida tinchlik muloqotining navbatdagi bosqichi boshlanishi arafasida ro'y berdi. Shu hafta oxirida Pokiston poytaxtida to'rt davlat ishtirokidagi muzokaralarining navbatdagi bosqichi o'tishi kutilyapti. Afg'oniston, Xitoy, Pokiston va AQSh rasmiylari qatnashayotgan jarayonda Tolibon bilan tinchlik yo'lida murosaga erishish yo'llari qidirilmoqda.

O'tgan hafta Bag'lon viloyatidagi elektr tarmoqlariga ham hujum uyushtirilib, Kobul uchun zarur kunlik 650 megavatt elektr tokining yarmi to'xtab qolgan edi. Hukumat buzilgan tarmoqlarni hanuz tuzatib ishga tushira olmagan.

Tolibon bu hujum uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olmagan. Guruh bayonotiga ko'ra, elektr tarmoqlari hukumat kuchlari amalga oshirgan portlashlar oqibatida zarar ko'rgan. Biz oddiy xalqqa shikast yetadigan faoliyat bilan shug'ullanmaymiz, deyiladi bayonotda.

Oxirgi paytlarda Tolibon poyaxt Kobulda va mamlakat bo'ylab hujumlarga zo'r bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG