Qisqa tanaffusdan so'ng Afg'onistonda byulletenlarni hisoblash davom ettirildi

  • Amerika Ovozi

Saylov byulletenlari tekshirilmoqda, Kobul, Afg'oniston, 18-iyul, 2014-yil

Saylov byulletenlari tekshirilmoqda, Kobul, Afg'oniston, 18-iyul, 2014-yil

Afg’onistonda prezident saylovlarining ikkinchi bosqichida berilgan ovozlar hisobi qisqa tanaffusdan so’ng davom ettirildi. Nomzodlar bahslashib qolgani bois jarayon bir kunga to’xtab qolgan edi.

8,1 million byulletenni tekshirishga qancha vaqt ketishi aniq emas. Bu ishni BMT o’z zimmasiga olgan. Nomzodlar vakillari, jurnalistlar, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar esa payshanba kuni boshlangan jarayonni nazorat qilmoqda.

Shanba kuni Abdulla Abdulla va Ashraf G’anining vakillari taftish uslubi xususida bahslashib qolib, Mustaqil saylov komissiyasi tekshiruvni vaqtincha to’xtatishga majbur bo’ldi.

Afg’oniston bo’yicha tahlilchi Keyt Klark jarayonni yaqindan kuzatmoqda.

"Boshidan qoidalar haqida kelishilmadi. Xuddi o’yinda hakam hushtagini chaldiyu va o’yin boshlanib ketgandek, ammo darvozaning qayerdaligini hech kim bilmagandek. Bu texnik xato va muammoga yetaklashi tayin edi. Biroq masalaning siyosiy tarafi ham. Har ikki tomon o’zi uchun ovozlar ko’proq berilgan bo’lishini istaydi", - deydi ekspert.

Abdulla Abdulla saylov qutilariga raqibi foydasiga soxta byulletenlarning ommaviy tarzda tashlanganini da’vo qilib, saylov natijalarini tan olgisi yo’q edi. So’ng u o’zini g’olib deb e’lon qildi. Vaziyatning keskinlashishidan xavotirga tushgan AQSh davlat kotibi Jon Kerri Kobulga borib tomonlarni murosaga chaqirdi va barcha ovozlarni qayta sanashga kelishildi.

AQShning Afg’onistondagi qurolli kuchlari qo’mondoni general Jozef Danford tekshiruv natijalari xolis bo’lishiga ishonadi.

"Jarayon jiddiy kuzatilmoqda, xalqaro hamjamiyat nazorati ostida. Har ikki nomzod bu ishga mas’uliyat bilan yondashmoqda va taftish natijasini qabul qilishga tayyor. Bir necha haftadan so’ng g’olib aniqlanadi va qarshi taraf mag’lubiyatini tan olishga majbur bo’ladi", - deydi general.

Tahlilchi Klarkning aytishicha, 3-sentabrga rejalangan NATO anjumanida kelajak rejalar muhokama qilinadi va ungacha Afg’onistonning yangi rahbari aniqlanishi shart.

"AQSh va Afg’oniston ikki tomonlama xavfsizlik bitimini imzolashi kutilmoqda. Hamid Karzay hamon prezident ekan, hujjat imzolanmaydi, NATO esa Afg’onistonga 2014-yildan keyin yordam berish rejasini tuza olmaydi. Uzoq kutishga vaqt yo’q, lekin albatta buning uchun byulletenlar oxirigacha hisoblab chiqilishi zarur, bu jarayon esa sekin kechmoqda", - deydi Keyt Klark.

NATO va AQSh aksariyat askarlarini yil oxirigacha Afg’onistondan olib chiqishi kutilmoqda. Xavfsizlik bitimi esa Vashingtonga harbiylarning bir qismini qoldirishga imkon beradi. Karzay hujjatni imzolamasligini aytib kelgan. Prezidentlikka nomzodlar esa bunga qarshi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG