Amerika Afg'onistondagi urushdan charchagan, ammo askarlar erta chiqmaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts va Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay, Kobul, 7-mart, 2011 yil

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts va Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay, Kobul, 7-mart, 2011 yil

Senator Jozef Libermanning aytishicha, urushga doir qarorlar ijtimoiy so'rov natijalariga qarab qabul qilinmaydi.

AQShda o'tkazilgan yangi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, jamoatchilik Afg'onistondagi urushdan toqati-toq bo'lgan. Shunga qaramay Kongress qo'shinlarni vatanga erta qaytargisi yo'q. Bu masalada respublikachilar ham, demokratlar ham hamfikr.

Kongress Vakillar Palatasida askarlarni Afg'onistondan yil oxirigacha chiqarishga doir rezolyutsiya ko'pchilik ovoz bilan o'tmadi. Jamoatchilik ra'yiga qaramasdan. Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 64 foizi urushdan foyda yo'q degan fikrda. 2009-yilda so'ralganlarning katta qismi urushni yoqlagan edi.

O'tgan hafta Kongressdagi ikki tinglovda Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha hisobotlar ko'rildi. AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni general Deyvid Petreusning aytishicha, Tolibonga qarshi sezilarli yutuqlar bor.

"So'nggi bir yilda ahvol barqarorlashgan, ammo vaziyat hamon nozik va qaltis".

Shimoliy Karolina shtatidan Kongressga saylangan respublikachi qonunchi Uolter Jouns urushning ashaddiy tanqidchilaridan. Afg'on hukumati Qo'shma Shtatlardan 2014-yildan keyin ham qolishni so'rashi mumkinligidan bezovtaman, deydi Jouns.

"Bu qancha davom etishi mumkin axir? 15, 16, 17 yil? Yana qancha qon to'kib, pul sarflashimiz kerak?"

General Petreusning qonunchiga javobi shuki, asosiy vazifani yakunlamay ketish to'g'ri emas. Aks holda al-Qoida yana Afg'onistondan turib AQShga qarshi xurujlar rejalashi mumkin.

"Amerika xalqining sabri tugab borayotganini tushunib turibman. Men ham qo'shinlarning vatanga tezroq qaytishini istayman. Biroq bu ishni belgilangan vaqtda, bosqichma-bosqich qilgan ma'qul", - deydi general.

Siyosiy tahlilchi Jek Pitnining aytishicha, xalq urushni o'rtiq qo'llab-quvvatlamayapti.

"Vaqt o'tishi va, ayniqsa, talofatlar ko'payishi bilan inson har bir urushdan charchaydi. Har safar amerikaliklar jang maydonida o'layotganini eshitgan, ammo muvaffaqiyatni ko'rmayotgan xalqni tushunsa bo'ladi", - deydi mutaxassis.

Tahlilchi Pitni Vyetnam urushini misol tariqasida keltiradi.

Kongressdagi urush tarafdorlari so'rov natijalaridan xavotirda emas.

Senator Jozef Libermanning aytishicha, urushga doir qarorlar ijtimoiy so'rov natijalariga qarab qabul qilinmaydi.

"Afg'onistonda g'alaba qilayotganimizga shubha yo'q. Odamlarning xayoli hozir ko'proq iqtisodiyotda, ish o'rinlarini yaratishda, kamomadda. Afg'onistondagi urush bilan ishi yo'q. Ammo biz uning ahamiyatini eslatib turishimiz kerak", - deydi senator.

Qo'shma Shtatlar shu yozdan boshlab, qo'shinlarini vaziyatga qarab qisman Afg'onistondan chiqarmoqchi.

Virjiniya universitetida Siyosat markazi direktori Larri Sabatoning aytishicha,
jamoatchilikka urushning cho'zilgani yoqmayapti.

Tahlilchi deydiki, buning kelasi yilgi prezident kampaniyasiga ta'siri bo'lishi mumkin.

"Aynan qanday ta'sir qilishini bilmayman. Ammo jamoatchilik urushga nisbatan norozilik bildirishda davom etsa, bundan qaysidir siyosiy kuchlar o'z manfaati yo'lida foydalanishi turgan gap", - deydi Larri Sabato.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG