Afg'on urushi va unda jon berganlarni eslaysizmi?


Sovet tanklari ustida yurgan muojohidlar, 1979-yil

Sovet tanklari ustida yurgan muojohidlar, 1979-yil

Toshkentda Rossiya elchixonasi tashabbusi bilan Afg’oniston urushida halok bo’lgan o’zbekistonliklar xotirlangan. 27 yil oldin SSSR qo’shinlari Afg’onistonni tark etgan edi. Mamlakat hamon notinch. Bugungi Rossiya Afg’onistondagi beqarorlikdan Markaziy Osiyoda o'z manfaatlarini himoya qilish maqsadida foydalanmoqda, deydi siyosatshunoslar.

O’n yil davom etgan afg’on urushida 65 mingga yaqin o’zbekistonlik qatnashgan. 1512 nafari halok bo’lgan, 2500 dan ortig’i yaralangan, aksariyati nogironga aylangan.

SSSR Afg’onistonga 1979-yilda kirgan. Bu urush ham, unda o’lganlar ham bugun O’zbekistonda rasman xotirlanmaydi.

Prezident Islom Karimov afg’on urushini Sovet Ittifoqining katta xatosi sifatida baholagan. Bu xato uchun javobgar tuzum bugun yo’q, u 1991-yilda parchlanib ketgan.

SSSRning asosiy merosxo’ri Rossiya sharmandali mojaroni unutmagan. 37 yil o’tib, Afg’onistondagi vaziyat - geosiyosiy mavzu. Moskva mintaqani o’z yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa birlashtirmoqchi.

Kollektiv Xavfsizlik Shartmonasi rahbari Nikolay Bordyuja Afg’onistondagi vaziyatni, xususan mintaqa bilan chegaralardagi holatni o’ta qaltis deya tasvirlaydi. Bosh kotib bu anjumanda harbiy ittifoqqa kirmagan ikki davlat O’zbekiston va Turkmanistonga harbiy madad taklif qilingan.

Avvalroq, Turkmanistonga safar qilgan Sergey Lavrov ham Prezident Qurbonguli Berdimuhammedovga bu haqda aytgan edi. Turkmaniston neytrallik maqomiga ega. O’zbekiston esa harbiy bloklarga qo’shilmaslikka qaror qilgan.

Rossiya Afg’onistondan kelayotgan tahdid bu davlatlarni o’z strategiyasini qayta ko’rib chiqishga undaydi degan umidda.

Moskvada ayrim siyosatshunoslar nazarida, AQSh Afg’onistondan butkul ketganidan keyin Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun javobgarlik to’liq Rossiya qo’liga o’tishi mumkin.

“Favqulodda vaziyatlarda mintaqaga Rossiyadan boshqa birorta davlat real harbiy yordam ko’rsata olishi qiyin. Shunday ekan, mintaqa rahbarlari AQSh va Rossiya o’rtasidagi geosiyosiy o’yinlarini to’xtatishlari kerak”, - deydi Moskvadagi MDH instituti eksperti Vladimir Yevseyev.

O’zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazir fikricha, Rossiya Afg’oniston tahdidini bo’rtirish orqali Moskvaga nisbatan mustaqilroq siyosatga ega Turkmaniston va O’zbekistonni o’z doirasiga qaytarmoqchi.

“Afg’onistondagi vaziyat, Yaqin Sharq muammosi, shularning hammasini umumiy olib qaraganda, O’zbekiston etnik va diniy jihatdan muhim o’rin tutadi. AQSh shuning uchun mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, geosiyosiy muvozanatni saqlashda O’zbekistonga ahamiyat qaratmoqda. Bundan tashqari O’zbekiston boshqa davlatlarga qaraganda Rossiyaga nisbatan mustaqil siyosatga ega. Amerika bu mustaqillik saqlab qolinishini istaydi. Chunki bu pozitsiya Rossiyaning Markaziy Osiyoda butunlay kuchayishiga yo’l qo’ymaydi”, - deydi Anvar Nazir.

KXSh rahbari Nikolay Bordyujaning Suriyadagi vaziyat bo’yicha qilgan bayonoti ancha xavotirli ko’rinadi. Bosh kotib Turkiya Suriyaga qo’shin kiritgan taqdirda bu keng ko’lamli urushga aylanishi mumkin deya ogohlantirgan.

Rossiya yetakchiligidagi bu harbiy ittifoqqa Turkiya bilan qardosh Qozog’iston, Qirg’iziston, shuningdek, Tojikiston ham kiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG