AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

  • Amerika Ovozi

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

AQSh Afg’onistonda urush boshlaganiga 10 yil bo’ldi. Al-Qoida va Tolibonga qarshi harbiy harakatlarni 2014-yilda nihoyasiga yetkazish ko’zlangan.

Missiya maqsadlariga erishdimi? Amerika qo’shini chiqib ketayotgani Afg’oniston va mintaqaga qanday ta’sir qiladi?

Fuqaro urushi davom etadi deyayotganlar Tolibon tomonidan so’nggi payt amalga oshirilayotgan qaqshatqich hujumlarga, jumladan sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy o’ldirib ketilganiga ishora qiladi.

Admiral Mayk Mullen ham iste’foga chiqishi oldidan shu haqda ogohlantirdi. AQSh Qurolli Kuchlar Bosh shtabi qo’mondoni, Kongressga hisobotida, Hamid Karzay ma’muriyati birinchi navbatda korrupsiyani yengishi kerak, deb aytgan.

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

“Xorijiy qo’shinlar ketgach, afg’onlarga kuchli, layoqatli, ishonchli hukumat qolishi kerak. Afsuski, bunga erisha olganimiz yo’q”, - deydi Mullen.

2009-2010-yillar oralig’ida AQSh qo’shinlariga qo’mondonlik qilgan general Stenli Makkristal ham buni tasdiqlar ekan, oddiy afg’onlar ko’ngliga yo’l topa oladigan qonuniy hukumat tuzish – eng murakkab vazifa bo’lib qolmoqda, deydi.

AQSh Armiya oliygohi professori Larri Gudson ta’biricha, Afg’onistonda 10 yil ichida nimaga erishildi, degan savolga aniq javob berish qiyin.

“Ertaga yana fuqaro urushi boshlanadimi deb qo’rqaman. Afg’onlar “uzluksiz mojarodan to’yib ketdik” deb buni inkor etadi, albatta. Lekin aniq bir natijani, Tolibon jiddiy zarba yeganini ko’rmadik”, - deydi olim.

AQSh strategiyasi jangarilarga bosimni oshirib, ularni muzokaraga chorlashni, bir paytning o’zida afg’on hukumatini mustahkamlab, armiyani oyoqqa turg’azishni ko’zlaydi.

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

Tolibonning ayrim a’zolari bilan murosa uchun vaqt ham ajratilgan edi. Lekin so’nggi xurujlardan xulosa shuki, toliblar muloqot qilishni istamaydi. Ayniqsa Tinchlik kengashi raisi Burhoniddin Rabboniyga suiqasd ketidan, prezident Hamid Karzayning xafsalasi pir bo’ldi.

Yevropa Ittifoqining Afg’oniston bo’yicha sobiq maxsus vakili Fransesk Vendrell mamlakatda etnik va mintaqaviy keskinlik avj olganini qayd etadi.

“Uch yildan keyin ham vaziyat o’zgarmasa, fuqaro urushi qayta boshlanadi deyavering. Rabboniyning o’limi, shimolliklar nuqtai nazaridan olib qaraganda, Tolibon ularning dushmani ekanini isbotladi. Murosaga qarshilik yanada kuchayadi”, deb hisoblaydi sobiq diplomat.

Shunga qaramasdan, 2014-yilda koalitsiya qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqish rejasida o’zgarish yo’q. Hozir u yerda 130 ming askar xizmatda, aksariyati amerikaliklar.

Bryusselda o’tgan majlisda NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen amaldagi jadvalni tasdiqladi. Ya’ni, xavfsizlik uchun javobgarlikni hozir yetti provinsiyada mahalliy armiya o’z zimmasiga olgan. Navbatdagi viloyatlar ro’yxati ham yaqin orada e’lon qilinadi.

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

AQSh, Afgoniston va 10 yillik urush xulosalari

Afg’onistonni tinchitishda AQSh Pokistonni strategik hamkor deb biladi, ammo ikki davlat aloqalari so’nggi payt sovuqlashgan. Rasmiy Islomobod yangi hamkor izlab Xitoy va Eronga yuz tutmoqda.

O’tgan oy Amerika admirali Mayk Mullen Pokistonni tanqid qilib, mahalliy razvedkani jangarilar bilan til biriktirganlikda ayblagan edi. Shundan beri ora tarang.

Natijada Pokiston yangi savdo hamkorlar Eron va Xitoy bilan aktiv gaplashishga o’tgan. Xususan, Eron va Pokiston savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazmoqchi.

Lekin buning uchun avtomobil, temir va aviayo’llarni ta’mirdan o’tkazish kerak. Energiyaga muhtoj Pokiston islomiy davlat bilan gaz quvuri yotqizmoqchi.

Xitoy yillar davomida Pokistonga harbiy yordam uzatib, razvedkasi bilan rishtalarni mustahkamladi. Pokiston yadro izlanishlarida Pekinning hissasi kata. Bundan tashqari ikkisi Hindistonni umumiy raqib deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG