Afg'onistonni 2014-yilda nima kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston

Afg'oniston

AQSh Afg’onistonga qo’shin kiritganiga 12 yil bo’libdiki, hukumat va Tolibon hanuz kelisha olmayapti. Mamlakat ancha barqaror bo’lsa-da, to’laqonli tinchlikdan darak yo’q. 2014-yil Afg’oniston uchun qanday davr bo’ladi? Xalqaro qo’shinlar asta-sekin mamlakatdan chiqa boshlaydi, moliyaviy yordam ham qisqarib boradi. Bu xavfsizlik va iqtisodiyotga qanday ta’sir ko’rsatishi mumkin?

Afg’oniston aprel oyiga belgilangan prezident saylovlariga tayyorgarlik ko’rmoqda. Amaldagi rahbar Hamid Karzay yangi muddatga saylana olmaydi. Qo’shma Shtatlar Karzayning ketayotganidan mamnun bo’lishi mumkin, chunki u so’nggi yillarda eng ishonchli hamkordan kutilmagan qarorlari bilan ittifoqchi davlatlar va safdoshlar ta’birini xira qiladigan siyosatchiga aylandi.

Mamlakat oxirgi paytlarda ancha barqarorlashib, xalq tinch hayotga o’rganib qolgan. Yirik shaharlarda ulg’ayayotgan yoshlar kelajak bundan-da yorqin bo’lishini kutmoqda.

Biroq amerikalik tahlilchi Keyt Klarkning aytishicha, qonun ustuvorligi ta’minlanmas, siyosiy kuchlar murosa qilishni o’rganmas ekan, prezident saylovlarining erkin va halol bo’lishiga ishonch kam.

"Hammaga yoqadigan yagona rahbar bo’lsa, yaxshi, albatta, ammo buning iloji yo’q. Qalloblik shu qadar keng tarqalganki, hamma nimadandir norozi", - deydi ekspert.

Prezident Karzay AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolashga shoshmas ekan, 2014-yildan so’ng mamlakatda qancha amerikalik harbiylarning qolishi noaniq. Mavhumlik Qo’shma Shtatlarni asabiylashtirmoqda.

AQSh rasmiylari Karzaydan hujjatni yil oxirigacha tasdiqlashni so’rab, aks holda Amerikaning 12 ming askari Afg’onistonda qolmaydi, demoqda.

Kobulda to’planib bitim loyihasini muhokama qilgan qabilaviy oqsoqollar ham Karzayga uni darhol imzolashni tavsiya qilganiga qaramay, davlat rahbari saylov natijalarini kutmoqchi va masala ijrosini yangi prezidentga qoldirmoqchi.

Amerikani qiynayotgan yana bir masala Pokistonda qo’nim topgan jangarilar. Ular xalqaro kuchlar va harbiy texnikani Afg’onistondan olib chiqishda tranzit vazifasini bajarayotgan yo’llar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. AQSh nazarida Pokiston razvedkasi jangarilarga homiylik qilmoqda.

AQSh bilan xavfsizlik bitimiga qarshi chiqayotgan toliblar Karzay hukumati bilan ham kelishishga shoshmayapti.

Tolibon bilan muzokara qilish maqsadida tuzilgan Oliy tinchlik kengashi a’zosi Abdul Hakim Mujohidning aytishicha, jangarilar bilan kelishilmasa, mamlakat yana jarga qulashi mumkin.

"Agar saylovlargacha siyosiy yechim topilmasa, yana besh yil yo’qotgan bo’lamiz. Mojaro, kurash yana besh yildan ortiq vaqt davom etadi", - deydi sobiq tolib.

Afg’on armiyasi va politsiyasi oyoqqa turib, xavfsizlikni ta’minlashda faol bo’lsa-da, mahalliy kuchlar orasida talofat yuqori. Pentagonning shu yoz chop etilgan hisobotiga ko’ra, bahorda qishdan chiqqan toliblar faollashgach, mart oyida afg’on xavfsizlik kuchlari 300 dan ziyod odamini yo’qotdi.

Tahlilchi Klarkning aytishicha, sentabrga kelib, mahalliy politsiya va armiya talofatlari har hafta 100 kishi atrofida bo’lgan.

Sobiq vazir Hamidulla Faruqiy nazarida afg’onlar 2014-yildan keyin ham harbiy tayyorgalik bobida xorijiy kuchlar yordamiga muhtoj bo’ladi.

"Afg’on kuchlarining o’z mamlakatini tashqi yordamsiz mudofaa qilishga qurbi yetadimi, yo’qmi, buni aniq aytolmayman. Ularni zarur resurslar bilan ta’minlash uchun iqtisodiyotimiz zaiflik qiladi", - deydi “Haqiqat va adolat” partiyasi a’zosi.

Karzay xavfsizlik bitimini imzolashga shoshmas ekan, Qo’shma Shtatlarning toqati toq bo’lmoqda. Agar AQSh Afg’onistonda birorta askarini qoldirmasa va Karzay hukumatiga har yili berilayotgan sakkiz milliard dollarlik yordamni to’xtatsa, Kobulning xoli voy bo’lishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG