Amerika dollari Afg'onistonni oyoqqa turg'aza oladimi?

  • Amerika Ovozi

Jahon Banki hisobiga ko’ra, Afg’oniston yalpi milliy mahsulotining 97 foizi xalqaro tashkilotlardan keladi

Jahon Banki hisobiga ko’ra, Afg’oniston yalpi milliy mahsulotining 97 foizi xalqaro tashkilotlardan keladi

Qo’shma Shtatlar Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqish taraddudida ekan, Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi bu davlatga berilgan yordam samarasini sarhisob qilib, hisobot chiqardi.

Unda aytilishicha, so’nggi 10 yilda Afg’onistonda 19 milliard dollar taraqqiyot loyihalariga sarflangan. Biroq ajratilayotgan ko’mak doimo ham kutilgan natijani beravermaydi.

Jim Xeyk terrorizmga qarshi kurashga hissa qo’shishni ko’ngliga tukkan. Kompyuter bo’yicha mutaxassis shu maqsadda sakkiz yil ilgari bir tashkilot tuzib, Afg’oniston xalqi uchun zarur anjomlarni yetkaza boshladi.

“Afg’onlarga nima kerakligini harbiylardan bilib olamiz”, - deydi u. “Ayollar uchun tikuv mashinalari, o’quvchilarga daftar-qalam, erkaklar uchun mehnat qurollari”.

Los-Anjelesda joylashgan tashkilot xususiy donorlardan internet orqali pul to’playdi.

Mablag’ Afg’oniston iqtisodiyotini ko’tarishga, aholi uchun zarur anjomlar xarid qilishga sarflanadi. Maqsad - Amerika zobitlari va afg’onlar o’rtasida rishtalarni mustahkamlash.

Amerika dollari Afg'onistonni oyoqqa turg'aza oladimi?

Amerika dollari Afg'onistonni oyoqqa turg'aza oladimi?

AQSh Tinchlik instituti olimi Endryu Vaylder shu kabi tashabbuslar samarasini izohlaydi:

“Ko’mak dasturlari ezgu maqsadni ko’zlaydi, ammo natijasi doim ham kutilgandek emas”, - deydi tahlilchi.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi bu xulosani tasdiqlaydi.

Izlanishlar shundan dalolatki, taraqqiyot loyihalari qisqa muddatda natija beradi, mahalliy aholi ishonchini qozonishda muhim rol o’ynaydi.

Biroq haddan ziyod ko’mak Afg’oniston iqtisodiyotiga foyda emas, zarar. Xalqaro donorlarga qaram qilib qo’yadi, deydi olim.

“Urush boshlab, Afg’onistonni ko’makka tobe qilib qo’ygan o’zimiz. Xalqaro qo’shinlar ketgach nima bo’ladi?”

Jahon Banki hisobiga ko’ra, Afg’oniston yalpi milliy mahsulotining 97 foizi xalqaro tashkilotlardan, Tolibonga qarshi jang qilayotgan mamlakatlardan keladi.

Markaziy hukumat korrupsiyaga botgan emasmi, donorlar unga ishonmaydi. Mablag’ni o’zlari taqsimlashadi.

Buning natijasida hukumat yanada zaiflashib bormoqda, poraxo’rlik avjida, deyiladi Senat hisobotida.

Alohida proyektlar qancha vaqt davom etishini hech kim bilmaydi, chunki moliya chetdan.

Amerika dollari Afg'onistonni oyoqqa turg'aza oladimi?

Amerika dollari Afg'onistonni oyoqqa turg'aza oladimi?

Tadbirkor Jim Xeyk nazarida, barcha dasturlar ham uzoq muddatli bo’lishi shart emas.

Aholiga foydasi tegsa bo’lgani.

Korrupsiyaga kelsak, masalan, mening tashkilotim byurokratiyadan xoli, pul qayerga ketayotganini aniq bilamiz, deydi u.

“Kontraktor yoki boshqa kompaniyalarga murojaat qilmaymiz. Mahsulotni vaqtida va kerakli joyga o’zimiz yetkazamiz”, - deydi Jim Xeyk.

Afg’oniston dunyodagi eng beqaror va chuqur qarzga botgan davlatlardan. Tadqiqotchi Endryu Vaylder deydiki, AQSh askarlari bilan bir qatorda ko’mak hajmini ham sekin-asta kamaytira borish, Hamid Karzay ma’muriyatiga ko’proq vakolat berish kerak.

“Afg’oniston hali uzoq yillar xalqaro hamjamiyat yordamiga tayanadi. Milliardlab dollarni to’g’ri taqsimlash – katta mas’uliyat. Lekin bu ishni baribir mahalliy hukumat boshqarsin deyman, chunki aholi ehtiyojini qondirish uning vazifasi”.

Ayni paytda AQSh Kongressi Afg’onistonga ajratilayotgan pulni qattiq nazorat qilishga o’tgan. Hamid Karzay poraxo’rlikni tugata olishini amalda isbotlab bersin, deya shart qo’ymoqda qonunchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG