Afg'onistondagi o'n yillik urush nima natija berdi?

  • Amerika Ovozi

Afg'onistondagi o'n yillik urush nima natija berdi?

Afg'onistondagi o'n yillik urush nima natija berdi?

2001-yilning 11-sentabri - jahon tarixida burilish yasagan sana. Terror xurujlarida uch mingdan ziyod odam halok bo’lgan.

Ko’p o’tmay, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’onistonda Tolibon va al-Qoidaga qarshi urush boshlagan. Mojaro bugun ham davom etyapti.

Muhammad Yasinjon ertangi kunni o’ylab, farzandlarini xat-savodli qilishga bel bog’lagan. Erondan vatanga qaytganiga yaqinda besh yil to’ladi.

Xalqaro koalitsiya Afg’onistonga kirganida, Yasinjon “ana endi tinchlik bo’ladi” deb o’ylagan edi.

“Qochqin degani darbadarlik, bizni odam sifatida ko’rishmas edi. Poytaxt Kobulga qaytganimizda bu yer xavfsizroq edi. Hozir ham bir burda nonga pul topsa bo’ladi. Boriga shukr deb yashaymiz. Olloh bu mamlakatga ham farovonlik olib kelsin”, - deydi u.

Eng katta o'zgarishlardan biri bu ta'lim sohasining yaxshilangani, qizlar ham o'qiy boshlagani

Eng katta o'zgarishlardan biri bu ta'lim sohasining yaxshilangani, qizlar ham o'qiy boshlagani

Muhammad Yasinjonning qizlari Kobuldagi maktabga qatnaydi.

Tolibon tuzumi paytidagi cheklovlar hozir yo’q.

Afg’onistonda shu paytgacha bir necha saylovlar bo’lib o’tdi. Mahalliy armiya sekin-asta xavfsizlikni qo’lga olmoqda.

Lekin bu Tolibon 10 yillik urushda yengildi degani emas. Afg’oniston hamon notinch, qashshoq va korrupsiya chuqur ildiz otgan jamiyat. Afyun savdosidan tushadigan pulga ko’pchilik oila boqadi. Afg’oniston mineral resurslarga boy, lekin kim ham sarmoya kiritardi?

Parlament a’zosi Fovzoy Kufiy G’arb Afg’onistonni tark etayotganini afsus bilan tilga oladi. Mamlakat o’z holiga tashlab qo’yilgan tahlikali yillarni, Tolibon hukmronlik davrini bir eslang, deydi u.

“Afg’oniston o’zini boshqarishga hali tayyor emas. Xalqaro koalitsiya urushni yakuniga yetkazmasdan ketsa, ertaga nima bo’lishi ko’pchilikka ayon. 1992-yildan ham battar bo’ladi degan qo’rquv bor. Tolibon harakati payt poylab turibdi. Ular hukumatga kelsa, bu nafaqat afg’on xalqi uchun musibat, balki G’arb ham qadamini o’ylab bosishi kerak”, - deydi qonunchi.

Afg'on xavfsizlik kuchlari ancha oyoqqa turib oldi, deydi amerikalik murabbiylar

Afg'on xavfsizlik kuchlari ancha oyoqqa turib oldi, deydi amerikalik murabbiylar

NATO harbiy missiya nihoyasiga yetayotganini allaqachon e’lon qilgan. AQSh zobitlari 2014-yilgacha mamlakatni butunlay tark etadi.

Shuning uchun mahalliy armiya malakasini oshirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Shuningdek, Tolibonnning ayrim a’zolari bilan muzokara boshlangan.

NATOning bildirishicha, shuning o’zi yutuqlardan darak. Muhammad Yasinjon kabi oddiy odamlar xavfsizlikni ta’minlab berishsa, u yog’ini o’zimiz eplaymiz deydi.

“Tinchlik bo’lsa, bolalarimiz maktabga qatnay oladi. Ilmli, savodli fuqarolar bilan jamiyat ravnaq topadi. Amerikaliklar chiqib ketayotgani yaxshi emas, chunki notinch mamlakatda biz yashay olmaymiz. Bor-butimizni sotib, yana ko’chishga to’g’ri keladi”.

Urushga sarflagan milliardlab dollar Afg’onistonni tinchlantira olgani yo’q. Kelajak mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG