Afg’onistonda Tolibon bilan ikki kunlik qonli jang

  • Amerika Ovozi

Kobulda parlament binosi tevaragi, 15-aprel, 2012-yil

Kobulda parlament binosi tevaragi, 15-aprel, 2012-yil

Afg’oniston poytaxti va uch viloyatida Tolibon kecha boshlagan hamlani qaytardik, deydi Ichki ishlar vazirligi rasmiylari. 36 jangari yo’q qilingan. 11 politsiyachi va yana to’rt fuqaro nobud bo’lgan.

Kobulda Hoji Matulla Siddiqiy yakshanba kuni rafiqasi va ikki farzandi bilan tushlik qilayotgan payt shiddatli otishmalar eshitildi. Ko’chaga chiqib, mashina to’la qurollangan odamlarni ko’rdi.

“Katta qora mashina edi. Bittasi sakrab chiqib, atrofga o’q uza boshladi. Ko’chada tirik zot qoldirmoqchi emasday. Bir askarni otib yiqitdi”, - deydi Siddiqiy.

Uning aytishicha, bu guruh bir necha kishini o’qqa tutib, keyin o’sha atrofdagi binolarga kirib olib, 18 soatlik qamalni boshlagan. Siddiqiy yakshanbadan dushanbagacha oilasi bilan ota-onasining yerto’lasida jon saqlagan.

Tolibon Kobul shahri, Nangarhor, Logar va Paktiya viloyatlarida kelishib xurujlar sodir etdi

Tolibon Kobul shahri, Nangarhor, Logar va Paktiya viloyatlarida kelishib xurujlar sodir etdi

Afg’oniston xavfsizlik kuchlari va xalqaro koalitsiya bugun ertalabga yaqin toliblar hujumini tugatishga muvaffaq bo’lgan. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, sharqdagi Paktiya, Nangarhor va Logar viloyatlarida jangarilar NATO bazasi, aeroport va politsiya mahkamalariga kirishga urinib, portlashlar uyushtirmoqchi bo’lgan. Shiddatli olishuvlar natijasida ularni mag’lub qildik, deydi rasmiylar.

Xalqaro koalitsiya matbuot kotibi, general Karsten Jeykobson ta’rificha, toliblar bir xil usulni qo’llagan.

“Kichik-kichik guruh bo’lib olib, jangarilar binolarga kirib oldi va ulardan turib har yoqqa raketa, o’qlar yog’dirishga kirishdi. Asosiy nishon hukumat va harbiy ob’yektlar bo’ldi. Maqsad ko’proq talofat yetkazish emas, vahima, shovqin ko’tarish edi”, - deydi general.

Jeykobson qonli tahdidni yenga olgan afg’on qurolli kuchlari va politsiyasi xatti-harakatlarini maqtamoqda. Mahalliy armiya iltimosi bilan NATO havodan turib madad berib turdi.

Bu kabi kichik, ixcham hujumlar yordamida jangarilar afg’on qo’shinlarini mag’lub etishni maqsad qilmagan, deb hisoblaydi Karsten Jeykobson, koalitsiya so’zlovchisi. Ularning niyati xalq ishonchiga putur yetkazib, qo’rquv solish edi, deydi u. Zo’ravonlikdan ayonki, Tolibon va unga xayrixoh kuchlar taslim bo’ladigan emas.

Afg’oniston parlamenti mudofaa qo’mitasi vakili Shukriya Barakzoy so’zlariga ko’ra, NATO va Amerika armiyasi mamlakatdan ketayotgan bir paytda Tolibon poytaxt markaziga suqulib kira olgani mahalliy xavfsizlik kuchlari salohiyatini shubha ostiga qo’ymoqda. Xalqaro qo’shinlar 2014-yil oxirigacha mamlakatni tark etadi.

“18 soat davomida quloqni teshadigan portlashlar va otishmalarni eshitib yashadi afg’on ahli. Ularning o’rniga o’zingizni qo’yib ko’ring. Dahshatli bu”, - deydi qonunchi.

Toliblar kechagi bayonotida elchixonalar, hukumat idoralari va NATO binolariga hujumlarni amalga oshirganini bildirdi. NATO rasmiylari bizni zaif deb, xato qildi, ikki oy tayyorlandik bu ishga, deydi jangarilar.

O’tgan yilning sentabrida Kobulda Amerika elchixonasi va NATO qarorgohlari nishonga olingan, voqeada Pokistonda asoslangan Haqqoniy jangari guruhi ayblangan edi.

Afg’oniston Ichki ishlar vaziri, general Bismillo Muhammadiy so’zlariga ko’ra, Jalolobod shahrida ushlangan jangarilar bu galgi hujumga ham Haqqoniy guruhi aloqador deb ishora qilgan.

AQSh bazasida Qur’on nusxalari yoqilgani va Amerika askari 17 afg’onni otib o’ldirgani haqidagi xabarlar ketidan xalqaro koalitsiya va mahalliy armiya o’rtasida aloqalar taranglashgan. NATO va Amerika rahbariyatining aytishicha, muammolarga qaramasdan hamkorlik davom etmoqda va xorij ko’magida afg’on qurolli kuchlari kuchga to’lib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG