Afg’onistondagi portlashda 13 kishi halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Faryob nisbatan tinch viloyatlardan sanab kelinadi

Faryob nisbatan tinch viloyatlardan sanab kelinadi

Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, bugun shimoldagi Faryob viloyatida bir kishi o’zini portlatib, kamida 13 odamni o’ldirgan, 26 fuqaro jarohat olgan. Maymana shahridagi sayilgoh yaqinida yuz bergan bu xurujda politsiya to’rt xodimidan ayrilgani ma’lum. O’lganlardan olti nafari oddiy fuqaro.

Shimoliy Atlantika bitimi tashkiloti, NATO esa shimoldagi portlashda uch askarini, xususan, ikki amerikalikni qo’ldan boy bergan. Gap ayni xuruj haqida ketmoqda. Faryob nisbatan osuda viloyatlardan. Xorij qo’shinlari mamlakatni bo’shatib, xavfsizlikni mahalliy armiyaga topshirishga kirishar ekan, yil boshidan beri koalitsiya 100 askarini yo’qotgan.

NATO kelasi oy Amerikaning Chikago shahrida yig’in o’tkazib, Afg’oniston kelajagi, bu mamlakat qurolli kuchlarini ta’minlash uchun moliya kabilarni muhokama qiladi. 2014-yilda chet el zobitlari ketgach, AQShning Afg’onistonda qolishiga doir kelishuv ham ko’riladigan mavzulardan.

Afg’oniston Tijorat va sanoat vaziri Anvar ul-Haq Ahadiy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda NATO yordami haqida so’zladi.

“Afg’oniston xavfsizlik kuchlari uchun yiliga 4.1 milliard dollar yordam ajratish borasida muzokaralar ketayapti. Chikagoda bu reja tasdiqlanadi, degan umiddaman. Shunda yurtimiz yaqin 10 yilda mudofaa bobida tinch yashashi mumkin bo’ladi”, - deydi afg’on rasmiysi.

Qo’shni Pokistonning shimoli-g’arbiy qabilaviy tumanida yo’lovchi avtobusi portlab, olti odam nobud bo’lgan. Xaybar mintaqasining Jamrud shahrida bugun sodir etilgan bu hujum ortida kim turgani hozircha noma’lum. Afg’oniston bilan tutash bu viloyat Tolibon va al-Qoida manzili sanaladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’tgan hafta Xaybarga qo’shni Peshovar shahridagi qochqinlar lageriga 100 mingdan ziyod odam quyulib kelganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG