Afg'onistonda jangarilar tinchlik elchisini otib o'ldirdi

  • Amerika Ovozi

Tolibon hujumga aloqasi yo'qligini aytmoqda

Tolibon hujumga aloqasi yo'qligini aytmoqda

Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, kecha Kobulda jangarilar tinchlik yo’lida jonbozlik qilgan arbobni otib o’ldirgan. Arsala Rahmoniy 70 a’zolik Oliy tinchlik kengashining ko’zga ko’ringan vakili edi.

U ishga ketayotib, transport tig’iz joyda nishonga olingan. Uzoq yillik urushni tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarga katta zarba bu, deydi rasmiylar.

“Hujumni kim amalga oshirgan bo’lsa, Afg’oniston dushmani, tinchlik dushmani, islom dinining dushmanidir. Bu odamlar vatan taraqqiyoti, barqarorligiga qarshi va shu bois ham hurmatli arbobning umrini xazon qildi”, - deydi marhumning do’sti Najibulla Xabibyor.

Afg’onistonda Tolibon hukmron davrida Rahmoniy ta’lim vaziri muovini bo’lib ishlagan. Yaqinda amaldagi rahbariyat bilan murosaga kelib, jangarilarni osuda hayotga qaytarish uchun astoydil harakat qilayotgan edi.

Tolibon uning o’limiga aloqamiz yo’q, deydi.

“Mavlono Rahmoniyning o’limi xalq va hukumatni titratdi”, - deydi prezident Hamid Karzayning so’zlovchisi Aymal Fayzi. “Davlat rahbari voqeani keskin qoralaydi”, - deydi u.

Oliy tinchlik kengashi rahbari, sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy ham o’tgan yili jangarilar qo’lidan jon bergan edi.

Pokiston, Qo’shma Shtatlar va NATO boshliq xalqaro koalitsiya Rahmoniyga hamlani qoraladi.

AQShning Kobuldagi elchixonasi bugungi bayonotida Amerika xalqi Afg’oniston ahli bilan yonma-yon ishlashda davom etadi, dedi.

Amerika senatori nazarida esa qon to’kilishiga toliblar javobgar va ularning niyati ma’lum. Senat Razvedka qo’mitasi raisi Dayan Faynstayn:

“Ko’rib turganingizdek, Tolibon xorij qo’shinlari ketib, yana hokimiyatga qaytishni ko’zlamoqda”, - deydi senator.

Faynstayn yaqinda Afg’onistonda bo’lib, ahvol bilan tanishdi va prezident Barak Obama ma’muriyatining mamlakatda toliblar ustidan salmoqli g’alabaga erishildi, degan fikrini savolga tutdi.

“Fikrimcha, toliblar bizga jang maydonida bas kela olmaydi”, - deydi senator. “Lekin ular soyaga o’tib olgan, hukumatdagilarni qo’lga olib qo’ygan. Jangarilar aholi zich yashovchi hududlarning uchdan bir qismida hamon ustun. Shimol va shimoli-sharqda ta’siri kuchaygan”, - deydi Faynstayn.

U Afg’oniston qurolli kuchlari va politsiyasini mashqdan o’tkazib, xavfsizlikni zimmasiga topshirish ishlaridan mamnun. Lekin qo’shni Pokiston toliblarni jilovlashda hal qiluvchi rol o’ynaydi, deb hisoblaydi Faynstayn.

“Jangarilar Pokistonda erkin yurgani sir emas. Bu davlat hukumati esa ularni yo’q qilishni xayoliga ham keltirmayapti. Muammo shunda. Afg’onistonda muvaffaqiyat qozonish uchun Pokistondagi Tolibon, al-Qoida qarorgohlaridan qutulish kerak”, - dedi amerikalik senator.

Rasmiy Islomobod Rahmoniyga hujumni tanqid qilib, terrorizmga qarshi kurashga sodiqmiz, deya javob qiladi.

Mamlakatda bugun ham xuruj sodir etilgan. Shimoldagi bozorda portlash ro’y berib, to’qqiz odam, jumladan, mahalliy rasmiy o’lgan. Faryob viloyatidagi bu xuruj kimning ishi ekani hozircha ma’lum emas. Karzay ma’muriyati izohicha, havo isigani sari jangarilar hujumga zo’r beraveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG