Tolibon Afg'oniston parlamentiga hujum qildi

  • Amerika Ovozi

Tolibonning bir guruh og’ir qurollangan xudkush hujumchilari Afg’oniston parlamentiga bostirib kirdi. Bu payt quyi palata Mudofaa vazirligiga tavsiya etilgan Ma’sum Stanekzay nomzodini ko’rib chiqayotgan edi.

Guvohlarning aytishicha, bino ichidan bir necha portlash va otishma ovozlari eshitilgan. Hujum asosiy darvoza oldida katta portlash yuz berishi ortidan boshlangan.

Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Siddiq Siddiqiyga ko’ra, egniga portlovchi moddalarni taqib olgan yetti Tolibon jangarisi hujumda ishtirok etgan. Ikki soatga yaqin davom etgan otishma natijasida ularning barchasi otib o’ldirilgan.

Vazirning aytishicha, qonunchilardan hech biriga aziyat yetmagan, ammo kamida 30 kishi, jumladan, ayollar va bolalar jarohatlangan. O'lganlar soni haqida ma'lumot berilgani yo'q.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulloh Mujohid hujum ortida guruh turganini tan olgan va uni “qul” parlamentga qarshi amalga oshirilgan xudkushlik amaliyoti deya ta’riflagan.

Hujum ro’y bergan hududda, shuningdek, ko’plab xalqaro yordam tashkilotlari va diplomatik missiya binolari joylashgan.

Afg’onistondagi BMT Yordam missiyasi hujumni keskin qoraladi.

“Parlamentga Tolibon amalga oshirganini tan olgan bunday hujum Afg’onistondagi demokratiyaga, afg’on xalqining demokratik yo’l bilan saylangan vakillariga qasddan qilingan tahdiddir”, - dedi BMT Bosh kotibining Afg’oniston bo’yicha maxsus yordamchi vakili Tadamichi Yamamoto.

Parlament binosiga hujum Tolibon shimoliy Qunduz viloyatidagi bir tumanni o’z nazorati ostiga olganidan bir kun o’tib ro’y berdi. Ayni paytda afg’on xavfsizlik kuchlari viloyat poytaxti yaqinida isyonchilar bilan olishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG