Breaking News

Avstraliya qo’shinlari Afg’onistondan erta chiqadi


Avstraliyalik 1550 askar Uruzgon viloyatida xizmat qilmoqda va 2001-yildan beri 32 nafari jon bergan
Avstraliyalik 1550 askar Uruzgon viloyatida xizmat qilmoqda va 2001-yildan beri 32 nafari jon bergan

Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard o’z askarlarini Afg’onistondan ko’zlanganidan bir yil oldin olib chiqishga qaror qilgan.

Mamlakatda xavfsizlik bilan bog’liq ahvol yaxshilangan, terrorchi Osama bin Laden yo’q qilindi. Demak, 2013-yil oxirigacha avstraliyalik zobitlar uyga qaytsa bo’ladi, deydi u.

“Ishonchim komil, bugun 2013-yil haqida jiddiy mulohaza qilish mumkin. O’sha yili xalqaro kuchlar Afg’onistonda faqat ko’makchi vazifasini o’tay boshlaydi. Prezident Karzaydan so’raymizki, xavfsizlikni butkul mahalliy qo’shinlar zimmasiga olish jarayoni tezlatilsin. Uruzgondan boshlang”, - dedi Gillard.

Bu davlatning 1550 askari Uruzgon viloyatida xizmat qilmoqda va 2001-yildan beri 32 nafari jon bergan. Avstraliya bosh vazirining aytishicha, askarlarni olib chiqishga bir-bir yarim yil vaqt ketadi. 2014-yildan keyin ham Avstraliya Afg’oniston maxsus kuchlarini qo’llab-quvvatlashda davom etadi, deydi u.

Afg'oniston rahbari Hamid Karzay, Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard
Afg'oniston rahbari Hamid Karzay, Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard
Yil boshida Fransiya ham o’z harbiylarini Afg’onistondan ertaroq olib chiqishini aytgan edi. Holbuki, chet el koalitsiyasi mamlakatda 2014-yil oxiriga qadar qolishi kerak. NATO va Afg’oniston bu sanadan keyin hamkorlik qanday kechishi borasida gaplashishda davom etmoqda.

Qator kuzatuvchilar nazarida boshqa davlatlar ham “ketamizga” tushishi mumkin. 10 yillik kampaniya oxiriga yetar ekan, bunaqangi “poyga” xatarli oqibatlarga yetaklashi aniq, deydi ular.

O’tgan ikki kun jangarilar poytaxt va uch viloyatga zarba berib, to’rt fuqaro va 11 mahalliy zobitni o’ldirgan. Toliblar 36 jangarini yo’qotgan. Tahlilchilar afg’on politsiyasi va armiyasi jangari hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo’layotganidan mamnun.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay esa Tolibonni hujumlarni bas qilishga undab, har qanday zo’ravonlik xorij qo’shinlarini mamlakatda uzoqroq qolishga majbur qiladi, demoqda.

Kobulda studentlar bilan uchrashgan Karzay so’zlariga ko’ra, qon to’kilishi islomga, musulmonlarga, umuman, afg’on xalqiga foyda keltirayotgani yo’q.

“Islom uchun, Afg’oniston mustaqilligi uchun va uning xalqi, erkinligi hamda taraqqiyoti uchun zarracha jonbozlik ko’rsatmadingiz. Lekin xalqaro armiya shu yurtda qolishini ta’minladingiz”, - dedi prezident jangarilarga qarata.

Tolibon elchixonalar, hukumat idoralari, NATO harbiy bazasi, politsiya mahkamalari va mehmonxonalarga hujum qilganini aytmoqda. Lekin Afg’oniston va Amerika rahbariyati voqeada Pokistonda asoslangan Haqqoniy jangari guruhini ayblaydi.

NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar va mudofaa vazirlari ertaga Belgiyada majlis qilib, 130 ming kishilik xalqaro qurolli kuchlarni 2014-yil oxirigacha Afg’onistondan sekin-asta olib chiqish rejasini muhokama qiladi. Bu yig’in kelasi oy Amerikaning Chikago shahrida o’tadigan NATO sammitiga tayyorgarlik sifatida ko’rilmoqda.

Prezident Karzay fikricha, Tolibonning Kobul, Nangarhor, Logar va Paktiyaga hamlalari mahalliy razvedka va NATOning ham xatosidir. Buni oldindan ko’ra olmadik va puxta tergov o’tkazish shart, deydi Afg’oniston rahbari.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha xurujlar haqida Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Xina Rabboniy Har bilan fikr almashib oldi. Klinton jangarilarga qarshi kurashda AQSh, NATO, Afg’oniston va Pokistonning majburiyatlarini eslatib o’tgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun qonli xurujlarni qoralab chiqdi. U Afg’oniston qurolli kuchlari tayyorgarligini olqishlab, tomonlarni tinch aholiga jabr qilmaslikka chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG