2014-yildan keyin nima bo'ladi? Afg'oniston va Markaziy Osiyodagi manzara G'arb nigohida


2014-yildan keyin nima bo’ladi? Gap albatta Afg’oniston kelajagi haqida ketmoqda.

Vashingtonda deyarli har hafta shu mavzu muhokamada. Xalqaro koalitsiya afg’on zaminini tark etgach vaziyat qay tomon yo’naladi? Markaziy Osiyo nimaga tayyor turishi kerak?

Amerika qancha askar qoldiradi yo qoldirmaydimi? Afg’onlarga qancha moliyaviy yordam va’da qilingan yoki qilinmoqda? Saylov yaqinlashar ekan, Amerika kim hokimiyatga kelishini istaydi? Turfa xil tahlil, turfa fikr va xulosalar, taxminlar va bashoratlar.



Obama ma’muriyati tanqidchilari nazarida Qo’shma Shtatlar ishni bitirmay chiqib ketayapti. Beqarorlik kuchayib, o’tgan 12 yilda qilingan mehnat yer bilan yakson bo’ladi, Tolibonning hokimiyatga qaytish ehtimoli kuchli. Ekstremistlar yana Afg’onistonni o’z qarorgohi qilib oladi.

Vanda Felbab-Braun – Brukings (Brookings) tadqiqot instituti ilmiy xodimi, Afg’oniston bo’yicha qator kitoblar va maqolalar muallifi. Zaif hokimiyat, yulg’ichlik, etnik kelishmovchiliklar, qabilachilik va umuman irodasizlik singari holatlar 2014-yildan keyin avj olsa oladiki, bartaraf etilmaydi, deydi u. AQSh Afg’onistonda davlatchilik va boshqaruvni mustahkamlash uchun yetarlicha chora ko’rmadi va ko’rmayapti.

Afg’oniston, Pokiston va Markaziy Osiyodagi vaziyatni yoritib kelayotgan jurnalistlar va sharhlovchilar ta’biricha, hozirgi ahvol ham qoniqarli emas. Fundamental muammolarni Amerika baribir hal qilib berolmaydi. Tinchlikka erishish va farovon yashash uchun harakat qilish pirovardida xalqning qo’lida. Tashqi dunyo yordam beradi, yo’l ko’rsatadi, ammo yorqin kelajakni yaratib berolmaydi.

Sobiq diplomatlar va rasmiylar, siyosatni belgilashda muhim rol o’ynagan arboblar esa Afg’onistonda erishilgan yutuqlarni tan olish kerak deydi.

To’g’ri, deydi ular, Afg’oniston hamon qoradori makoni, qashshoq, tarqoq va urushdan tinkasi qurigan bir o’lka. Lekin oxirgi 12 yilda uning aksariyat qismida nisbatan barqarorlikka erishildi. Deyarli yo’q bo’lib ketgan ta’lim va sog’liqni saqlash tizimlari qayta tiklandi. Yangi infrastrukturaga asos solindi. Ishlab chiqarish va ta’minot astalik bilan oyoqqa turmoqda.

Afg’onlar bugungi hayoti 2001-yildan oldingiga qaraganda bir necha karra yaxshiroq ekanini, o’qimishli yoshlar vatan taraqqiyoti uchun ter to’kishga tayyor ekanini aytadi. Faol ayollar ko’paymoqda, ular jamiyatdagi tub muammolarni yechishga urinmoqda. Tashqi dunyo, xususan Amerika yordamni to’xtatmasa bo’lgani, deya umid qiladi ular.

Afg’oniston bilan asosan Amerika undovi va uning vositachiligida hamkorlik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari qo’shni yurt kelajagi haqida turlicha qarashga ega.

Masalan O’zbekiston rahbari Islom Karimov ta’biricha, 2014-yildan keyin Afg’onistondan keladigan xavf darajasi oshadi. Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev esa ortiqcha xavotirga hojat yo’q, ahvol u qadar yomonlashmaydi, deydi.

Amerika hukumati nazarida Markaziy Osiyoda ekstremizm tahdidi past va mintaqa beqarorlikka yuz tutgan taqdirda ham uning sabablari Afg’oniston emas, ichki muammolar bo’ladi.

10 yildan oshiq davr mobaynida Markaziy Osiyodan turib G’arbga xabar uzatgan Filip Shishkin, “Wall Street Journal” gazetasi muxbiri va mintaqa haqidagi yangi kitob muallifi tahlilicha, O’zbekistonda beqarorlik ehtimoli repressiyaga borib taqaladi. Karimov ma’muriyati hamisha ekstremizm va radikalizmni bahona qilib, uning tahdidini bo’rttirib, G’arbning ittifoqchisiga aylanish yo’lidan borgan, deydi u.

Yirik qo’shnilar Xitoy va Hindiston ham Afg’onistonga nisbatan strategiyasini qayta ko’rib chiqmoqda, Amerika davrida boshlangan biznes loyihalarni qanday davom ettirish xususida o’ylanmoqda.

Rossiya ham ancha faollashgan, deydi Vanda Felbab-Braun. AQSh chiqar ekan, Moskva Markaziy Osiyo va Afg’onistondagi rolini oshirish payida.

Uning tahlilini tinglagan Deyvid Sidni, yaqingacha AQSh Mudofaa vazirligida Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha idoraga rahbarlik qilgan arbob deydiki, Kreml bir tarafdan AQSh ishni bitirmasdan chiqmasligi kerak desa, ikkinchi tarafdan AQSh mintaqani tezroq tark etsa u yana bizga qoladi degan umidda - hamma o’z manfaatini o’ylaydi.

Filip Shishkin nazarida Vashington Markaziy Osiyoning avtoritar rahbarlari bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirib, Afg’onistondagi maqsadlar yo’lida til biriktirib, mintaqa ahli orasidagi nufuzini ancha yo’qotgan.

Hukumatlar AQShni bir tomondan tuzumlarni o’zgartirishga urinayotganlikda ayblaydi, ikkinchi tomondan esa uning hamkori bo’lishni istaydi, dollar oqimi kengayishini xohlaydi. Vashington buni juda yaxshi biladi.

Shu boismi har safar 2014-yildan keyin nima bo’ladi degan savol o’rtaga tashlansa, Amerika diplomatlari xavotiringizni tushunamiz, vaziyatga qarab ish tutamiz, Afg’onistonni tashlab qo’ymaymiz, deydi.

Qo'shimcha materiallar:
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG