Breaking News

Notinch Afg'oniston raqobat maydoni bo'lib qolmoqda


Notinch Afg'oniston raqobat maydoni bo'lib qolmoqda
Notinch Afg'oniston raqobat maydoni bo'lib qolmoqda

Siyosiy sharhlovchilar fikriga ko’ra, Markaziy Osiyoda “buyuk o’yin”, ya’ni siyosiy-iqtisodiy va diplomatik nufuzga ega bo’lish uchun raqobat davom etmoqda.

Ham eski, ham yangi o’yinchilar ishtirokida. Bugun regionda hukmronlik uchun kurash maydoni - Afg’oniston.

O’tgan hafta Portugaliyadagi yig’ilishda NATO davlatlari 2014 yilda harbiy harakatlar uchun javobgarlikni Afg’oniston armiyasiga topshirishga qaror qildi.

Reja amalga oshsa, to’rt yildan so’ng xorijiy askarlar Afg’onistonda maslahatchi va murabbiy roliga o’tadi.

Shu tariqa, 150 ming sonli xalqaro qo’shin kelasi yildan kamaya boshlaydi. Ammo AQSh Armiya oliygohi professori Larri Gudson ta’biricha, ko’plab hukumatlar Afg’onistonda qanday qilib o’z nufuzini oshirishni ham o’ylayapti.

Notinch Afg'oniston raqobat maydoni bo'lib qolmoqda
Notinch Afg'oniston raqobat maydoni bo'lib qolmoqda

“Xitoy, Hindiston, Rossiya, arab mamlakatlari shular jumlasidan. To’qqiz yildan beri urushdan boshi chiqmayotgan AQSh va NATO ham bu o’yinda ishtirokchi. Har biri o’z maqsad-manfaatini olg’a surish, ularga ittifoqchi bo’la oladigan mahalliy guruhlarni qo’llab-quvvatlash bilan band”, - deydi Larri Gudson.

Ayrimlar AQSh olib borayotgan sa’y-harakatlar va Hamid Karzay ma’muriyatini quvvatlasa, ayrimlar Tolibonni. Ammo Afg’onistonning yaqin qo’shnilari, xususan Pokiston har ikki tomonga yon bosmoqda, deydi harbiy tahlilchi Jim Dobbins.

Uning aytishicha, Pokistondagi murakkab siyosat hamda hokimiyatdagi turli doiralar manfaati - hukumatni ikki yoqqa baravar yo’l tutishga majbur etmoqda.

“Rasmiy Islomobod o’zini Afg’onistonda jang qilayotgan xalqaro koalitsiya a’zosi deb e’tirof etadi, boshqa tarafdan esa Tolibon yetakchilari bilan aloqani uzmaydi”.

Pokiston rasmiylari bu iddaolarni asossiz deya rad etadi.

Lekin Larri Gudsonning aytishicha, Hindistonning Afg’onistonda nufuzi baland ekan, jangari guruhlarni quvvatlash Pokiston uchun xavfsizlik siyosatining bir qismi. Bunga o’rtadagi raqobat nuqtai nazaridan qarash kerak.

“Har bir davlat milliy xavfsizlikni ta’minlash bobida o’z vosita va mexanizmlariga ega. Ulardan voz keching deya olmaysiz, ayniqsa ular amalda samara berayotgan bo’lsa. Pokiston uchun eng katta tahdid bu azaliy raqibi Hindiston”, - deydi Gudson.

Jim Dobbins Afg’oniston masalasida bir qancha xalqaro kelishuvlarga vositachilik qilgan. Kobulda, deydi u, o’z ta’sirini oshirishga harakat qilayotgan yana bir davlat Eron. Prezident Karzayni quvvatlaydi, uning idorasiga har yili ikki million dollarga yaqin pul yuboradi. Lekin asl maqsadi savol ostida.

Jim Dobbinsning aytishicha, Eron ayrim jangari guruhlarga homiylik qilayotganiga qaramasdan, Hamid Karzay va uning tashabbuslarini qo’llayotgani ham rost.

Rasmiy Tehron Afg’onistonning yirik donorlaridan biri. Eronga ishonch yo’q, lekin AQSh nuqtai nazaridan Afg’oniston tinchligiga jiddiy raxna solayotgan u emas, baribir Pokiston”, - deydi sobiq diplomat.

Xitoy va Rossiyaga kelsak, ular o’z navbatida musulmonlar yashovchi hududlarida ekstremizm avj olishidan xavotirda. Sharhlovchilar nazarida, Kremlning yana bir maqsadi - Markaziy Osiyoda AQSh harbiy bazalari uzoq qolmasligini ta’minlash.

“Xulosa shuki”, - deydi mutaxassis. “Hindiston, Eron, Rossiya, Qo’shma Shtatlar, barchasi bu yerda o’z qarash va manfaatlariga ega. Afg’on hukumati jangarilar bilan til topishib, siyosiy murosaga erishsin desak, hamma birdek harakat qilishi kerak. Bu murakkab vazifa asosiy o’yinchilardan sanalmish AQShdan g’ayrat va diplomatik mahorat talab qiladi”.

Ayni paytda Pentagon Afg’onistonda o’tgan bir yil ichida nimalarga erishilgani yuzasidan hisobot tayyorlamoqda. 2014 yilda jangovar operatsiyalarni tugatish rejalangan. Ammo bu AQSh qo’shinlarini Afg’onistondan butkul olib chiqadi degani emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG