Afg'on mojarosi Markaziy Osiyoga tarqalishi mumkinmi?


Afg'oniston

Afg'oniston

Jorj Vashington nomli universitetda o’tayotgan ikki kunlik ilmiy anjumanda Markaziy Osiyo bo’yicha ixtisoslashgan mutaxassislar mintaqaga doir turli mavzularda o’z qarashlarini bayon qilmoqda. Jumladan, Afg’onistondagi jarayonlar fonida Markaziy Osiyo xavfsizligi tashvishga molik mavzu.

Xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni 2014-yil oxirigacha tark etishi rejada ekan, kuzatuvchilar so’ng nima bo’lishini tahlil qilmoqda. Xususan, Tolibon va boshqa jangari guruhlar bilan yuzma-yuz qoladigan Afg’oniston hukumati ular bilan sulh tuzib, mamlakatni normal hayotga qaytara oladimi? Yoki fuqarolik urushi avj olib, hokimiyat 1990-yillardagi kabi Tolibonga qaytadimi? Afg’onistondagi jarayonlarning qo’shni Markaziy Osiyoga ta’siri qanday bo’ladi? Mintaqa islomiy radikalizm to’lqiniga uriladimi yoki tashqi ta’sirdan xoli bo’ladimi?

Jorj Vashington universitetida o’tgan anjumanda tahlilchilar voqea rivojining turli ssenariylarini ko’rib chiqdi.

Ekspert Marlin Laruel turli omillarni hisobga olish kerakligini ta’kidladi. Ehtimollardan ba’zilari shuki, Tolibon hokimiyatga qaytsa, aholining bir qismi Markaziy Osiyo respublikalari tomon qochishi, narkotiklar savdosi kuchayishi, jangarilar mintaqaga hujum qilishi, o’z mafkurasini yoyishga urinishi mumkin. Biroq shu bilan birga tahlilchi Tolibon orasida bo’linish borligiga ishora qiladi.

Marlin Laruelning aytishicha, toliblarning qarashlari 90-yillarga qaraganda ancha o’zgargan.

"Ayrimlari qo’shni davlatlar bilan tinchlikni, savdo qilishni istaydi. Elektr energiyaning katta qismi ham Markaziy Osiyodan keladi".

Afg’oniston armiyasi va politsiyasi ayni damda 352 ming kishidan iborat. Uni moliyalash uchun yiliga to’rt milliard dollar kerak, ammo Afg’onistonning o’zida buncha pul yo’q. Shu sabab xavfsizlik kuchlarini 2017-yilgacha 100 ming kishiga kamaytirish rejada ekan, puxta harbiy tayyorgarlikdan o’tgan 100 ming odamni band qilish iqtisodiyoti hali mustaqil rivojlanmagan mamlakat uchun oson bo’lmaydi. Kimdir ish qidirib, Markaziy Osiyoga borishi, kimdir esa jangarilarga qo’shilishi mumkin.

Tahlilchi Skot Radnits nazarida Afg’onistondagi jarayonlar Markaziy Osiyoga ta’sir qilmaydi.

"So’nggi fuqarolik urushi bunga misol, deydi u. Qochqinlar o’shanda Markaziy Osiyo emas, Eron va Pokistonga borgan, bu safar ham shunday bo’lish ehtimoli yuqori", - deydi ekspert.

Tahlilchi Sebastyan Peyruz xulosasiga ko’ra, giyohvand moddalar va jangarilar o’rtasida bog’liqlik yo’q, ya’ni Tolibon hokimiyatga qaytsa, Markaziy Osiyo tomon narkotiklar oqimi oshadi deyishga asos yo’q.

Mutaxassis nazarida jangarilarning qoradori savdosidagi ulushi katta emas. Bu ish bilan, asosan, korrupsiyaga berilgan rasmiylar shug’ullanadi, deydi u.

"Mintaqa davlatlarining narkotiklarga qarshi kurashuvchi milliy boshqarmalari odatda mayda savdogarlarni tutadi. Bundaylar yukni o’tish qiyin bo’lgan, tog’li hududlar orqali tashiydi. Korrupsiyaga botgan rasmiylar esa qo’rqmasdan asosiy yo’ldan foydalanadi", - deydi Peyruz.

Shu boisdan, deydi tahlilchi, chegara xavfsizligini kuchaytirish ham narkotiklar oqimini pasaytira olmaydi. Eng katta muammo bu – korrupsiya, biroq uni qo’porish uchun na Markaziy Osiyoda va na Afg’onistonda siyosiy iroda bor. Shuning uchun bu masalada mo’jiza kutmang, deydi Sebastyan Peyruz.
XS
SM
MD
LG