Afg'onistonda bolalarning ta'lim va tibbiy xizmat olishi qiyinlashgan

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda bolalarni emlash jarayoni

Afg'onistonda bolalarni emlash jarayoni

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, jangari xurujlari hamda tibbiyot va ta'lim markazlaridan noto'g'ri foydalanilayotgani so'nggi uch yilda Afg'onistonda bolalar uchun imkoniyatlarni keskin kamaytirgan.

BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasi hamda UNICEF tomonidan tayyorlangan qo'shma hisobotga ko'ra, 2015-yilda tibbiyot va ta'lim tizimida ishlagan 31 nafar mutaxassis halok bo'lgan, 58 kishi yaralangan. Shuningdek, 115 kishi o'g'irlab ketilgan. 2014-yilgi raqamlarga qaraganda bu borada o'tgan yili keskin o'sish kuzatilgan.

"Hisobot natijalari jiddiy xavotir uyg'otadi. O'qituvchilar, shifokorlar va hamshiralarning zo'ravonlik va tahdid bilan yuzlashishi, maktablar va kasalxonalarning notog'ri qo'llanilishi yoki hujumga uchrashi qabul qilib bo'lmaydigan holat", - deydi BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasi rahbari Nikolas Xeysom.

Uning aytishicha, barcha tomonlar Afg'onistonda ta'lim va tibbiy xizmatlarni himoya qilish uchun zarur choralarni ko'rishi kerak.

BMT hisoboti Afg'onistonda Tolibon xurujlari kuchaygan bir paytga to'g'ri keldi.

Xabarlarga ko'ra, hukumat kuchlari Hilmand viloyatida ayrim maktablardan Tolibonga qarshi baza sifatida foydalanmoqda.

2015-yilda yuz bergan 257 noxush holatning aksariyati o'lim bilan qo'rqitish, tibbiyot va ta'lim sohasi ishchilariga hujum qilish, maktablarni majburan yopish, qizlarni maktabga yubormaslikka chaqirish kabi tahdid va zo'ravonliklardan iborat.

Maktablar va klinikalar yaqinida bombalar o'rnatilgani, ularning portlashi natijasida ta'lim va tibbiyot xodimlari o'lgani va yaralangani ham xavotir bilan tilga olinadi.

"2015-yilda xavfsizlik va zo'ravonlik kuchaygani bois bolalarning ta'lim va tibbiy xizmat olishi yanada qiyinlashdi. Mamlakat bo'ylab qashshoqlikning chuqurlashishi ham vaziyatni yomonlashtirmoqda", - deydi UNICEFning Afg'onistondagi vakili Akil Iyer.

Zo'ravonliklar davom etishi oqibatida 2015-yil 369 maktab butunlay yoki qisman faoliyatini to'xtatgan. Bundan Afg'oniston bo'ylab 140 ming o'quvchi va 600 o'qituvchi aziyat chekkan.

"Bolalarning, ayniqsa, qizlarning ta'lim va tibbiy xizmatdan erkin va xavfsiz foydalana olishlarini ta'minlash uchun harakatlarni ikki barobar oshirish kerak", - deydi BMTning Afg'onistondagi inson huquqlari bo'yicha rasmiysi Daniela Bell.

2016-yilning dastlabki uch oyida tinch aholi orasidan 2000ga yaqin odam o'lgan bo'lsa, ularning uchdan bir qismi yosh bolalardir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG