Xitoy va Pokiston rasmiylari Kobulda tinchlik muloqoti o'tkazdi

  • Amerika Ovozi

Pokiston va Xitoy rasmiylari Afg'onistonda tinchlik o'rnatish masalasini muhokama qilish uchun Kobulga yig'ildi. Tomonlar mintaqa barqarorligi yuzasidan amalga oshirish lozim bo'lgan aniq maqsadlar bo'yicha kelishib olgan.

Muloqotda Pokiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri vaziti Ayzaz Ahmad Choudri, Xitoy delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Lyu Jianchao hamda Afg'oniston vakillariga Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Hikmat Halil Karzay yetakchilik qilgan.

Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Ahmad Shakib Mustag'aniyning aytishicha, uchrashuvda, asosan, Pokiston va Xitoy beradigan amaliy yordamga e'tibor qaratilgan.

"Xitoy va Pokiston Afg'oniston yetakchiligidagi hamda Afg'oniston boshqaradigan tinchlik va kelishuv jarayonini qo'llab-quvvatlashini bildirdi", - deydi u.

Pokiston rasmiylari Afg'oniston va Xitoy delegatsiyasi bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar ham o'tkazgan. Ularda mintaqa xavfsizligini kuchaytirish va shu yo'lda hamkorlikni oshirish masalalari muhokama qilingan.

Xitoy shu paytgacha Afg'onistonda faqat iqtisodiy loyihalarda ishtirok etgan. Ammo xavfsizlik yuzasidan xavotirlar Pekinni tinchlik muloqotiga qo'shilishga undamoqda.

Yaqinda Tolibon vakillari Xitoyga tashrif buyurib, Xitoy rasmiylari bilan muloqot olib borgan. Uchrashuv tafsilotlari haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas.

Tolibon rasmiy Kobul bilan tinchlik muloqotini qayta boshlashga qaror qilsa, bu jarayonda Xitoyning roli muhim bo'lishini qayd etgan.

Afg'onistonda Xitoy sarmoyasi asosida ko'plab kompaniyalar va Xitoy fuqarolari faoliyat ko'rsatadi. Ularning xavfsizligini ta'minlash uchun ham Xitoy mamlakatdagi barcha tomonlar, jumladan, Tolibon bilan muzokara olib bormoqda. Pekin, shuningdek, Afg'onistondagi beqarorlik Shinjon viloyatidagi mahalliy isyonchi guruhlarni jonlantirishi mumkinligidan xavotirda.

Bu orada "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlashini bildirgan Tolibon qo'mondonlaridan biri o'ldirilgan. Afg'oniston razvedka idorasi ma'lumotiga ko'ra, Abdul Rauf ismli bu shaxs "Islomiy davlat"ning janubiy Afg'onistondagi qo'mondoni sanalgan.

Afg'on rasmiylari ilk bor mamlakatda "Islomiy davlat" vakillarining borligini rasman tasdiqladi.

Yaqin Sharqdagi jangari guruhning Afg'oniston va Pokistonga ham o'z ta'sirini yoyishga urinayotgani haqidagi xavotirlar ortidan Islomobod va Kobul terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG