Afg'oniston: Korrupsiyaga qarshi kurashdagi qiyinchiliklar va muvaffaqiyatlar

  • Amerika Ovozi

Bundan bir yil oldin shakllangan Afg’oniston birdamligi hukumati korrupsiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatlarga erishdi, deyiladi mustaqil tashkilot chiqargan hisobotda.

Korrupsiyani kuzatish va baholash qo’shma qo’mitasi amalga oshirilayotgan islohotlar hamda poraxo’rlikda ayblangan mansabdorlarni ishdan bo’shatish amaliyotini yuqori baholagan.

Ayni vaqtda Afg’onistonning korrupsiya illatidan ozod bo’lishi uchun qilinadigan ishlar hali ko’p, deyiladi hisobotda.

Hujjatda adliya tizimi tarkibidagi idoralar bir-biri bilan hamkorlik qilmasligi, bu esa jinoyatlarga oid qidiruv ishlarini samarali olib borishga to’siq bo’layotgani aytiladi. Jinoiy ishlar bir idoradan boshqasiga uzatilganida yo’qolishi hollari ham qayd etilgan.

“Afsuski, milliardlab dollarga teng xorijiy sarmoyalarga qaramay, adliya tizimi qidiruv ishlarini o’tkazish va korrupsiyaga qo’l urgan jinoyatchilarni jazolash bobida yaxshi ishlolmayapti. Ayniqsa, yuqori martabali rasmiylar orasida tanish-bilishlarga ega shaxslar bemalol egri ishlarini davom ettirmoqda”, - deyiladi hisobotda.

Prezident Ashraf G’ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla deyarli bir yil davomida bosh prokuror lavozimiga hech kimni tayinlay olmagani uchun tanqid qilinadi. “Bu lavozim egallanmaguncha korrupsiyaga qarshi kurash samara bermaydi”, - deydi qo’mita a’zolari.

Hukumat rasmiylari hisobot yuzasidan hozircha fikr bildirmadi.

Kobul Banki ishi

Prezident G’ani yaqinda xorijiy donorlar uchrashuvida davlatdan o'g'irlayotgan shaxslarni jazolashda muhim choralar ko’rilgani haqida gapirgan.

Bunga misol sifatida u 2010-yilda Kobul Bankining tanazzulga uchrashi uchun javobgar shaxslarni aniqlab, jazoga tortishga qaratilgan urinishlarni tilga oldi. O’sha ish bank sektori tarixida eng katta firibgarlik bo’lib, Afg’onistonda moliyaviy inqirozga sabab bo'lgan edi.

G’ani prezident sifatida faoliyat boshlaganidan bir necha kun o’tib bankdan qariyb 1 milliard dollar o’g’irlanganiga oid ishni qayta ochishni buyurgan. Buning natijasida, rasmiylarga ko’ra, o'g’irlangan mablag’ning yarmi topilgan va davlatga qaytarilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG