Korrupsiya afg'on xalqi hayotiga qanday ta'sir qilmoqda?


Afg'oniston qonunchilari

Afg’onistonda korrupsiyaga qarshi kurashayotgan bir necha mustaqil idoralar borligiga qaramay, bu muammo hanuz avjida. Hamma uni biladi, tanqid qiladi, lekin u har yerda uchraydi.

Afg’onistonda birinchi bo’lib har bir idoraning o’zi korrupsiyaga qarshi kurashda mas’ul. Aynan bu masala bilan shug’ullanuvchi mustaqil idoralar ham ochilgan. Omma nazarida esa pora olmagan odamning o’zini topish qiyin.

Oshkoralikni targ’ib qiluvchi “Transparency International” tashkiloti tahlilicha, gap sonda emas, sifatda. Korrupsiyaga qarshi o’nlab tashkilot kurashayotganini aytgani bilan samara bermasa, ne foyda?

Korrupsiya oddiy xalqqa ko’p zarar yetkazadi. Ish o’rinlari yaratuvchi loyihalar ortda qolib ketadi yoki fasod sabab sifat pasayadi. Ishlab turgan ishxonalar to’xtab qolishi ham tabiiy.

“Tahsil olgan yoshlarimiz ish yo’qligi sabab muhojir bo’lib ketgan. Hayotini yo’qotgan. Tijoratiga ziyon yetgan”, - deydi Bashir Hakimiy ismli faollardan biri.

Hukumatga ishga joylashish juda mushkul. Ish o’rinlari 1500-2000 dollarga sotilishi haqida gaplar bor. Rasmiylar esa bu iddaolarni rad etmas ekan, ularning oldini olish kerak, deyish bilan cheklanadi.

“Fasodchilar juda mohir odamlar. O’zingiz pulni olib berishga majbur bo’lasiz. Ayrimlari tutilib sudga tortilgan. Hozir qamoqxonada”,- deydi Hakimiy.

Juzjon universitetidan iqtisodchi Abu Rayhon Intizor nazarida, pora aralashmagan soha yoq.

“Afg’oniston faqat korrupsiyada emas, boshqa sohalarda ham xorijiy tashkilotlar tomondan ayrim tanqidiy nomlar bilan atalgan. Darhaqiqat, iqtisodga zarar yetkazayotgan omillardan biri korrupsiyadir. Bir odam ishi ilgari ketishi uchun pul to’lashga majbur bo’ladi. Qarab tursa, ishsiz qolib ketadi”, - deydi u.

Mutaxassisga ko’ra, poraxo'rlik yuqori lavozimlarda ko’proq uchraydi, quyida o’tirganlar buni ko’rib, ilhomlanadi.

“Menimcha, agar korrupsiyaga botgan odamlar sudga tortilsa, axborot vositalari orqali e’lon qilinsa, muammo kamayishi mumkin. Agar quyi martabali odamlarni ushlab jazolasangiz, xalq bunga ishonmaydi”, - deydi Abu Rayhon Intizor.

Korrupsiyaning asosiy omillaridan biri shuki, odamlardan pulni qayerdan topgani haqida so’ralmaydi. Hukumatdagilar daromad va sarmoya haqida hech kimga hisobot bermaydi.

XS
SM
MD
LG