General Do'stum: Pokiston - Afg'onistonga dushman mamlakat


General Abdul Rashid Do'stum shimoldagi Faryob viloyatida jangarilarga qarshi amaliyot paytida, Afg'oniston

General Abdul Rashid Do'stum shimoldagi Faryob viloyatida jangarilarga qarshi amaliyot paytida, Afg'oniston

Juma kuni Afg’onistonda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka bag’ishlangan ikki kunlik xalqaro anjuman boshlandi. Prezident Ashraf G’ani konferensiyaning ochilishida ma’ruza qilishi kutimoqda.

Afg’oniston hukumati nafaqat iqtisodiyotga, balki xavfsizlikka ham katta e’tibor qaratmoqda. Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini jonlantirish harakatlari bor, shimolda esa general Abdul Rashid Do’stum jangarilarga qarshi bir oylik amaliyotdan so’ng Kobulga qaytdi.

Do’stum so’nggi prezident saylovlarida g’alaba qozongan Ashraf G’anining birinchi vitse-prezidenti bo’lishiga qaramay, shimoldagi Faryob va Sari-Pul viloyatlariga hujum qilgan jangarilarga qarshi operatsiyaga shaxsan o’zi bosh bo’ldi.

Shu kungacha Afg’onistonning qo’shni Pokistonga chegaradosh janubiy va sharqiy hududlari notinch hisoblanar edi. Kobul Islomobodni o’z hududi orqali jangarilarning o’tishiga ko’z yumayotganlikda ayblab keladi. Biroq so’nggi haftalarda shimolda ham jangarilar faollashib, bir necha tumanni qo’lga oldi.

Xabarlarga qaraganda, Do’stum yetakchiligidagi kuchlar amaliyot paytida 100 ta qishloqni jangarilardan ozod etib, 300 mahalliy va xorijiy jangarini yo’q qilgan, yana 400 nafari taslim bo’lgan.

Afg’on Tolibonining ko’p yillik yetakchisi Mulla Umarning ikki yil oldin o’lgani ayon bo’lgach, harakat ichida hokimiyat uchun kurash boshlandi. Natijada Afg’oniston hukumati va Tolibon bilan Pokistonda boshlangan tinchlik muzokaralari birinchi davradan nariga o’tmadi, to’xtab qoldi.

General Do’stumning da’vo qilishicha, shimolga hujum qilgan jangarilarni Pokiston armiyasi va razvedkasi qo’llab-quvvatlamoqda. Do’stumga ko’ra, qo’shni davlat uni o’ldirishga harakat qildi. Dushanba kuni suiqasd xuruji rejalash gumoni bilan uch kishi ushlandi. General ularni shaxsan o'zi so’roq qildi.

Afg’oniston birinchi vitse-prezidentining aytishicha, Pokiston uni o’ldirish uchun to’rt kishini yubordi. Do’stum ularning yonidan chiqqan bomba joylangan kiyim Pokistonda tayyorlanganini ta’kidladi.

“Pokiston bizga dushman. Bizning dushmanlarimiz Pokistonning do’stlari, do’stlarimiz esa dushmani”, - dedi Do’stum.

Bu voqeadan bir hafta avval esa Do’stum ketayotgan kolonna Faryob viloyatining Qaysar tumanida Tolibon pistirmasiga duch kelib, general arang omon qoldi.

O’tgan yil sentabridagi saylovlarda g’alaba qilgan Ashraf G’ani Pokiston bilan do’stona munosabatlar o’rnatishga umid qilgan edi.

So’nggi oylarda qo’shni davlat tomon iliq qaragan G’ani ham Islomobod siyosatini tanqid qila boshladi. Afg’oniston prezidenti, xususan, Tolibon bilan Pokiston yordami va ishtirokisiz muzokara uyushtirilishi haqida gapirmoqda.

Ikki davlat munosabatlarining sovuqlashayotgani Afg’onistonda jangarilar bilan 13 yil jang qilgan Qo’shma Shtatlarni xavotirga solyapti. Obama ma’muriyati ularni murosaga chaqirdi.

Juma kuni Pokiston bosh vazirining xalqaro masalalar va milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz Kobulda bo’lib, ikki davlat o’rtasida vujudga kelgan ziddiyatlar haqida gaplashadi, Ashraf G’ani bilan uchrashadi.

Mintaqada bir-biriga raqib Tolibon, Haqqoniy tarmog’i va “Islomiy davlat” guruhlari harakatlanmoqda. Bir necha yil toliblar bilan bir safda jang qilgan O’zbekiston islomiy harakati yaqinda “Islomiy davlat”ga qo’shilganini ma’lum qildi.

General Do’stumning aytishicha, jangarilar nafaqat Afg’oniston, balki Markaziy Osiyo xavfsizligiga ham tahdid solmoqda.

"Ular faqat Afg’onistonga qarshi bo’lganida edi, saflarida o’zbeklar, tojiklar, chechenlar, arablar bo’lmasdi".

Do’stumga ko’ra, “Islomiy davlat” xizmatida hatto rus shifokori ham bor ekan.

“Islomiy davlat”, Suriyada bo’lgani kabi, Markaziy Osiyoni ham beqarorlashtirmoqchi. Bizga qurol kerak - samolyotlar, vertolyotlar, o’q-dori", - deydi general.

Do’stum rossiyalik jurnalist bilan muloqot paytida Rossiyadan harbiy yordam so’radi.

Juma kuni Kobulda boshlanayotgan iqtisodiy anjumanda 30 dan ortiq mamlakatdan rasmiylar, 40 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etadi. Unda mintaqaviy hamkorlik, savdo, mahsulotlarni chegaradan o’tkazishni tartibga solish, iqtisodiyotni kuchaytirish haqida gap ketadi.

Jahon banki mutaxassislarining bashorat qilishicha, joriy yilda Afg’oniston iqtisodiyoti 2,5 foizga o’sadi.

Xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark etganidan beri ko’p afg’onlar ishsiz qoldi. Natijada ular jangarilar safiga qo’shilyapti.

XS
SM
MD
LG