Afg'oniston ta'lim tizimi qayta shakllanmoqda

  • Amerika Ovozi

Yangi tizimda ayollar ta'limiga alohida e'tibor qaratish ko'zda tutilgan.

Yangi tizimda ayollar ta'limiga alohida e'tibor qaratish ko'zda tutilgan.

Afg’onistonda ta’lim tizimi isloh qilinmoqda. Maqsad mamlakat bo’ylab yagona maorif tizimini yaratish. Ammo xavfsizlik muammosi, kitoblar va malakali o’qituvchilarning yetishmasligi islohotga to’siq bo’lmoqda.

Afg’oniston hanuz zamonaviy ta’lim tizimiga ega emas. Bir necha o’n yillardan beri davom etayotgan urush va siyosiy qarashlarning xilma-xilligi bunga asosiy sabab. Ta’lim vazirligi so’zlovchisi Omonulloh Imonning aytishicha, yangi fanlarni maktablarga tatbiq etishning o’ziga o’n yildan ziyod vaqt ketgan.



“Asosiy muammo janubiy viloyatlardagi mavjud xavf-xatar. Shu sabab 500 ta maktab yopilgan. 30 mingdan ortiq o’quvchi o’qishga qatnay olmayapti. Ikkinchi muammo o’qituvchilarning yetishmasligi. Mavjud muallimlarning yarmi yetarli malakaga ega emas”, - deydi vazirlik xodimi.

Rasmiyning aytishicha, vazirlik hozir islomga oid darsliklarni ham qayta yozib chiqmoqda. Ilgari bunday darsliklar Pokistonda ta’lim olgan Tolibon mafkurasiga asoslangan edi.

“Islomiy ta’lim ham asosiy muammolardan. Chunki ko’plab talabalar xorij madrasalarida o’qigan va u yerda Afg’onistonga qarshi g’oyalar bilan zaharlangan. Shuning uchun biz ustozlarimiz va diniy ulamolarimiz bilan birgalikda o’z tilimizda yangi kitoblar tayyorlayapmiz. Vatanga muxabbat mavzusiga alohida e’tibor qaratilyapti”, - deydi Omonulloh Imon.

Moliyaviy yetishmovchilik bois 4,5 million darslik hanuz bosmaxonadan chiqqani yo’q. Umumiy ta’limga oid besh million dona kitob esa NATO yuklari bilan birga Pokiston chegarasida sakkiz oydan beri Afg’onistonga kira olmayapti.

Maktabga borish imkonidan bebahra bolalar soni mamlakat bo’ylab uch milliondan ortiq. Jami 16 ming maktabning yetti mingdan ziyodi tomsiz ochiq binolarda yoki o’qish sharoitiga ega bo’lmagan chodirlarda joylashgan.

Tolibon maktablarga zarar yetkazishda davom etmoqda. Ular qizlarning maktabga borishiga ham qarshi.

Ayollar hayotini yaxshilashga xizmat qiluvchi nodavlat tashkilot vakili Orzu Umidning aytishicha, qizlarning ta’lim olishi juda muhim.

“Hayotimiz o’zgarishini, ayniqsa, afg’on ayollari hayoti yaxshilanishini istasak, ta’limga muhtojmiz”, - deydi u.

Kobul universiteti talabasi Hamid Omon fikricha, mamlakatda ta’lim tizimi eskirgan, uni tubdan yangilash kerak.

“Maktablarda bir sinfda 70-80 ta o’quvchi bor. O’qituvchilar buncha o’quvchiga yaxshi ta’lim bera olmaydi. Sinfxonalar va o’qituvchilar sonini oshirish kerak. Qishloqlarda maktabni bitirgan, ammo o’qish-yozishni yaxshi bilmaydiganlar bor. Bunday bitiruvchilar hozir o’rta maktablarda dars beryapti. Ulardan nimani o’rganish mumkin?” - deydi Kobul universiteti talabasi.

Tolibon harakati erkak va ayollar tengligi va globalizmni tarannum etuvchi yangi darsliklarning paydo bo’lishiga qarshi. “Afg’oniston bo’yicha shved qo’mitasi” vakili Xolid Fahm fikricha esa, zamonaviy Afg’onistonga yangi darsliklar kerak.

“Milliy darsliklar afg’on millatiga globalizm nuqtai nazaridan ta’rif beradi. Maqsad global dunyoqarashga ega afg’onlarni tarbiyalash”, - deydi u.

Afg’oniston kelajagi bugungi yosh avlod qo’lida ekanini hukumat yaxshi biladi. Ta’lim tizimidagi islohotlar shu haqiqatning in’ikosidir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG