Afg’oniston shimolidagi to’qnashuv mintaqada xavotirlarni bir qadar kuchaytirgan. Xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etmoqda. O’zbek-tojik mojarosi Toshkent va Dushanbe aloqalarida qanday aks etadi?


Talikondagi janjal mahalliy o’zbeklarning hokimiyatdan haq-huquqlarni talab qilishi bilan bo'gliq ko'riladi. Shanba kuni avvaliga odamlar bir-biriga tayoq o'qtalib, toshlar otgan va so'ng otishma boshlanib, bir necha odam o'lgan.

Afg’onistonlik olim Turdiqul Maymanagiy mojaro o’zbeklar va tojiklar o’rtasidagi ziddiyatga aylanib ketishida hukumatni ayblaydi.

“Taxor viloyatida ham hozirgacha, asosan, markaziy hukumat tayinlagan odamlar boshchilik qilib kelgan. Viloyat o’zbeklari "biz 80 foizdan oshiq ekanmiz, irodamiz bilan hisoblashish kerak", deb chiqishdi. Ammo bu to’qnashuvlar ortida boshqa millatlar o’rtasida ixtilof bo’lishidan manfaatdor markaziy hukumat, pashtular turibdi. O’zbeklar bilan tojiklar mintaqada yuz yillardan buyon qo’shni, yonma-yon yashab kelishayapti. Shuning uchun bu o’zbek va tojik xalqlari ixtilofi emas, hukumat bilan Taxor viloyati aholisining ixtilofi. Taxor xalqi shuncha vaqtdan buyon davom etib kelayotgan adolatsizliklarga barham bermoqchi”, - deydi Maymanagiy.

O'zbeklar namoyish bir hafta davom etgani, ular, xususan, parlament va mahalliy hukumat idoralarida manfaatlari himoya qilinmayotganidan shikoya qilmoqda.

Tolibonga qarshi urushda qudratli ittifoq shakllantirgani bilan tanilgan o’zbeklar va tojiklar to’qnashuvi har tomonlama xavotir bilan qabul qilinmoqda.

Vaziyatni yaqindan kuzatayotgan nemis ekspertlariga ko’ra, xavfsizlik masalasida Afg’onistondagi etnik guruhlarga umid qilayotgan mintaqa davlatlari – rasmiy Toshkent va Dushanbeda ham tashvish kuchli.

O’zaro ziddiyatda bo’lgan bu davlatlar Afg’oniston shimolida qanday siyosat yuritishi muhim. Bu qaltis munosabatlarning Kobul siyosatiga ham ko’chishi elatlaro adovatini kuchaytirishi mumkin.

Maymanagiy deydiki, Tolibonning qudratga qaytish ehtimoli yaqin, bu esa nafaqat Afg’oniston shimoli, balki mintaqa uchun ham tahdidni kuchaytiradi.

“Agar O’zbekiston bilan Tojikiston oradagi ziddiyatlarni Afg’oniston yo’nalishida ham davom ettirishsa, bu na Afg’onistondagi o’zbek-tojiklar nafiga, na O’zbekiston va Tojikistondagi xalq nafiga xizmat qiladi. Bu bilan faqat Tolibonga, pashtularga, ekstremizmga yo’l ochishadi. Bu esa bir kun borib O’zbekiston va Tojikistonni o’zining bo’g’zidan oladi. O’zbek, tojik, turkman, qirg'izlar Afg’onistonda yashar ekan, ular hammasi bir xavf – toliblarga va pashtularga qarshi birlashadi”, - deydi afg’onistonlik o’zbek tahlilchisi.

Xalqaro qo’shinlarning ketish muddati yaqinlagani sari Dushanbe va Toshkent ham shimoldagi xalqlarni qo’llash siyosatini kuchaytirishi taxmin qilinadi.

Tojikiston bu masalada Rossiyaga umid bilan qaraydi, Afg’oniston bilan bog’liq xavfsizlik va iqtisodiy loyihalarni hamkorlikda rivojlantirishga urinadi.

Yaqinda Dushanbeda “Shimoliy Afg’oniston va Janubiy Tojikiston uchun strategik investitsiyalar” mavzusida muhokama bo’lib o’tgan. Rossiya tashkilotlari ishtirokida kechgan bu tadbirda Afg’oniston shimoli bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga qaror qilingan.

Rasmiy Toshkentning Afg’onistondagi o’zbeklar jamoasini qo’llab-quvvatlash siyosati mavhum. Shimolda bir necha millionni tashkil etuvchi o’zbeklar bilan madaniy-ma’naviy aloqalar, ta’limiy hamkorlik, bordi-keldi to’xtab qolgan. Xavfsizlik masalasida o’zbek yetakchilari bilan aloqalar esa zimdan yuritiladi.

So'nggi to'qnashuvlar esa hukumat va armiya jangarilar xavfi u oqda tursin, mahalliy muammolar, kelishmovchiliklar va elatlar o'rtasidagi tortishuvlarni eplashi gumon, degan xavotirlarni oshirgan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG