Afg’oniston shimolidagi Faryob viloyatida vaziyat yomonlashib borar ekan, mahalliy kuzatuvchilar partiyaviy tortishuvlar, siyosiy muammolar, markaziy hukumatning bularga befarqligini omil sifatida ko’rsatadi. Aholi nazarida, markaziy hukumatning zaifligi beqarorlikka yetaklamoqda.

O’zbeklar yashovchi Faryob viloyatidagi so’nggi voqealar aholini xavotirga solgan. Partiyaviy kelishmovchiliklar barqarorlikka tahdid, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan o’zbeklar.

“Milliy junbish” va “Milliy jamiyat” partiyalari orasidagi kelishmovchiliklar, to’qnashuvlardan xalq charchagan.

“Odamlar huzursiz, kechalari uydan chiqib bo’lmaydi. Faryob, xususan, Almor tumanida ikki partiya a’zolari bir-biriga qarshi jang qilmoqda”,- deydi almorlik Azizulla.

O’zbeklar “Milliy Jamiyat” partiyasiga 1980-yillarda qo’shila boshlagan.

“Milliy jamiyat” partiyasi Sovet davrida pashtun bo’lmagan asosiy siyosiy guruh bo’lgani uchun turkiy xalqlar, jumladan, o’zbeklar unga qo’shilgan. Orzularining ushalishini shu partiya bilan bog’lagan”,- deydi Faryobdan tahlilchi Kozim Aminiy.

1992-yillarda “Milliy junbish” partiyasiga asos solingach, turkiy xalqlarning ko’pi “Milliy jamiyat”ni tark etdi. Shundan beri bu ikki guruhdagi o’zbeklarning bir qismi ba’zida bir-biri bilan to’qnashib turadi.

“Oldin bular ittifoqda edi, hozir esa junbishiylarning qishloqlariga jamiyatiylar hujum qilganida junbishiylar ham ularning mahallasiga hujum qilib, ularni haydashga harakat qiladi. Hukumat esa har ikkisini himoyalab, o’zaro adovatga sharoit yaratmoqda”, - deydi Azizulla.

Faryob viloyati so’nggi bir necha yillarda og’ir janglarga guvoh bo’ldi. Tolibon hatto Maymana shahri markaziga ham hujum qildi. Bu urushlar natijasida yuzlab tolib hukumatga qo’shildi. Taslim bo’lganlarning ko’pchiligi so’ng yana jangarilar safiga qaytdi.

Faryoblik Zaynulla buning sababini shunday izohlaydi:

“Agar toliblar jang paytida qurshovga tushsa, hukumatga taslim bo’lishga majbur. Taslim bo’lgan toliblar ish bilan ta’minlanmaydi, siquvga olinadi, toliblar ularga tahdid qiladi. Agar hukumat ularga nisbatan e’tiborliroq bo’lganida edi, bu jangarilar isyonchilik faoliyatini davom ettirmagan bo’lardi”.

Tahlilchi Kozim Aminiy fikricha, Faryob xavfsizlik nuqtai nazardan muhim va ahamiyatli viloyat bo’lib, undagi vaziyat shimoliy viloyatlarga ham ta’sir qiladi.

“Faryob xalqi urushdan katta zarar ko’rgan. Viloyatning beqarorligi ortida mintaqa davlatlarining josuslik xizmatlari turibdi. Bularning hammasi Kobuldan boshqarilmoqda”, - deydi tahlilchi.

Bundan bir necha kun avval hukumat Maymana shahrida tintuv o’tkazgan, aholining uylari birma-bir tekshirib chiqilgan. Maqsad noqonuniy qurollarni yig’ish, deydi hukumat rasmiylari.

Kozim Aminiy nazarida, hukumat bu bilan shaharni isyonchilarga topshirishni rejalayotgan bo’lsa, xalq jim o’tirmaydi.

Ishsizlik va qashshoqlik sabab yoshlar vatanni tark etmoqda, diniy dargohlarda ta’lim olayotganlar jangari guruhlarga qo’shilmoqda.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG