Breaking News

Afg'oniston Gulbiddin Hikmatyor bilan tinchlik muzokaralarini yakunlamoqda


Afg’oniston hukumati va “Hizbi Islomiy” guruhi o'rtasidagi so'nggi muzokaralar natijasi yaqin kunlarda xalqqa e’lon qilinishi kutilyapti.

Afg’onlar yarashuv jarayonini quvvatlamoqda. Prezident Ashraf G’ani “Hizbi Islomiy” guruhi rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan sulh kelishuvi tez orada imzolanishini e’lon qildi.

“Hizbi Islomiy" bilan o’tayotgan muzokaralarda ko’zga ko’rinarli siljishlar bor. Tinchlikning ta’minlanishiga yordam beradi”,- deydi G’ani.

Prezident bu masalada xalqqa bor gapni aytishni va’da qilgan. Bosh vazir Abdulla Abdullaning “Islomiy jamiyat” partiyasi Hikmatyor bilan muzokaralarga qarshi ekani aytilgan edi, ammo u so'nggi bayonotida guruh bilan erishilgan tinchlik kelishuvi mamlakat milliy manfaatlariga zid emasligini qayd etdi.

Hikmatyor esa so’nggi bayonotida Afg’onistonda davom etayotgan urush afg’on xalqiga zarar yetkazib, dushmanlar manfaati uchun xizmat qilmoqda, deb aytgan edi.

Dushman kim? Hikmatyor G’arbni, qo’shni davlatlarni va Afg’onistondagi ko’plab siyosiy to’dalarni dushman deb biladi.

Prezident saroyidagi manbalarga ko’ra, kelishuvni kim imzolashi ustidan hali bir qarorga kelinmagan.

Tahlilchi Karim Pokzodning aytishicha, ushbu muzokararalar tinchlik o'rnatish uchun foydali.

"Hikmatyor bilan muzokaralar mamlakatda tinchlik ta’minlanishiga yordam beradi. Lekin hanuz muammolar talay. Chunki so’nggi 30 yilda Hikmatyor va “Hizbi Islomiy” urushda faol qatnashgan, muammoning bir tomoni bo’lgan. Agar Hikmatyor sulh qilmoqchi bo’lsa, bu yaxshi gap. Lekin Hikmatyorning miyasida qanday reja bor, u nimani o’ylagan bo’lishi mumkin, bu tekshirilishi, o’rganilishi kerak”.

Pokzod nazarida Hikmatyor “bundan buyon qon to’kilmasin” deb kelayotgani yo’q. U kelishishga majbur.

Hikmatyorni birdaniga hukumatga qo’shish noto’g’ri, deydi yana bir mutaxassis Mavlono Farid.

“Hizbi Islomiy" juda kuchli bo’lgan, vaqtida. Lekin hozir unday emas. Kuchini yo’qotgan. Guruhning yuqori lavozimli odamlari hukumatda ishlab yuribdi. Shuning uchun Hikmatyorning sulhga qo’shilishi deyarli ta’sir qilmaydi, deb o’ylayman”, - deydi siyosiy tahlilchi.

Uning fikricha, Hikmatyor shu kungacha erishmagan maqsadlariga muzokara yo’li bilan erishmoqchi.

Qonunchilik palatasi a’zolari ham Hikmatyor bilan olib borilayotgan muzokaralarni yoqlamoqda.

Qonunchi Abdul Rauf Ibrohimiy guruh va hukumat sulhi e'lon qilinishini kutib qolamiz”, deydi.

Uning so’zlariga ko’ra, sulh afg’on xalqining asosiy istaklaridan biri. Sulhga moyil guruhlar bilan muzokara qilish kerak.

Hikmatyorning Kobulga kelishi uchun ham jiddiy xavfsizlik choralari ko’rilgani aytilmoqda.

Kelishuv matni hanuz rasman e’lon qilinmagan. Lekin Hikmatyor va “Hizbi Islomiy” guruhining BMT va AQSh qora ro’yxatidan olib tashlanishi, guruh mahbuslarining ozod etilishi, tarafdorlarning Pokistondan Afg’onistonga olib kelinishi, adolatli saylov o’tkazilishi guruhning asosiy shartlaridan bo’lgan.

Afg’oniston Inson huquqlari komissiyasi Gulbiddin Hikmatyor bilan olib borilayotgan muzokaralarni tanqid qilgan edi.

Komissiyaga ko’ra, inson huquqlarini buzgan odamlar javobgarlikka tortilishi kerak, ularni kechirish mumkin emas.

Tashkilot so’nggi muzokara to’g’risida hech qanday munosabat bildirmagan.
“Islomiy da’vat” partiyasi rahbari Abulrab Rasul Sayyof bu jarayonga qarshi ekani aytilmoqda. U bu borada Oliy Tinchlik Kengashi rasmiylarini ogohlantirgani ham ma'lum.

XS
SM
MD
LG