Afg'oniston hali uzoq davr yordamga muhtoj bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Kobul qoramol bozorida, 12-yanvar, 2012

Kobul qoramol bozorida, 12-yanvar, 2012

Londonda joylashgan Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti xulosasiga ko’ra, 2014-yilda xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etishi – mamlakat yana fuqaro urushi domiga tortiladi degani emas. Hukumat vaziyatni nazorat qilishga qodir bo’ladi, deydi tadqiqotchilar. Biroq G’arb davlatlari Kobulga yordam berishda davom etishi kerak.

300 betdan iborat ilmiy ishda Afg’oniston yuz tutayotgan qiyinchiliklar ulkan, tinchlik tomon yo’l murakkab deya baholanadi. Biroq mualliflar, jumladan Tobi Doj, kelajakka umid bilan qaraydi. Asosiy shart – G’arb Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’ymasligi kerak.

“Qo’shma Shtatlar NATO va BMT bilan hamkorlikda Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishi, ayniqsa moliyaviy majburiyatlardan qochmasligi lozim. Kelasi 10 yil davomida afg’onlar ana shunday ko’makka muhtoj”, - deydi Tobi Doj.

O’tgan yili Germaniyaning Bonn shahrida bo’lib o’tgan xalqaro konferensiyada Afg’onistonda katta qo’shinga ega Germaniya va boshqa davlatlar 2014-yildan keyin ham mamlakatga yordam berishda davom etajagini bildirgan edi.

Tadqiqot mualliflariga ko’ra, Kobuldagi hukumat 2014-yilga borib ham mamlakat ustidan to’la nazorat o’rnata olmasligi mumkin. Ammo mahalliy armiya alohida viloyatlarda terrorchilik harakatlari amalga oshirilmasligini kafolatlashga muvaffaq bo’ladi.

Xalqaro hamjamiyat Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymoqchi emas

Xalqaro hamjamiyat Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymoqchi emas

Afg’onistonga, deydi ekspertlar, xususan havodan mudofaani ta’minlash, harbiy o’quv mashqlarini o’tkazish, aksil-terror otryadlar va tezkor kuchlarni yetishtirishda G’arb yordami kerak. Hisobot mualliflaridan biri Ben Barri bu fikrga qo’shilmaydi. Mahalliy aholi biz, g’arbliklardan charchagan, deydi u.

“Afg’onistonda millatchilik kuchayayotganini sezish mumkin. Tinch aholining harbiy xatolarga, o’lim hollariga ortiq bardoshi yo’q. Aynan xorijiy qo’shin Tolibon va jihodchilarni mamlakatga jalb etmoqda, degan fikr shakllangan. Shunga o’xshash vaziyatni biz Iroqda ham kuzatganmiz”, - deydi olim.

Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti Afg’onistonga qo’shni mamlakatlarning kelajakdagi rolini ijobiy baholaydi. Ular mamlakatdagi ayrim guruhlar bilan emas, balki rasmiy Kobul bilan muloqot olib bormoqda, deyiladi tahlilda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG