"Islomiy davlat" va Markaziy Osiyo - vahimaga hojat yo'q, deydi ekspert


"Islomiy davlat" internetda juda faol

"Islomiy davlat" internetda juda faol

Afg'oniston shimolida hukumat kuchlari va jangarilar o’rtasidagi to’qnashuvlar qo’shni Markaziy Osiyoda xavotir uyg'otmoqda. Lekin mahalliy tahlilchilar nazarida bu tahdid bo’rttirilgan, chunki mintaqada “Islomiy davlat” mafkurasini qo'llovchilar qatlami deyarli yo'q.

Rossiya axborot vositalarining O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati vakilidan iqtibos keltirishicha, chegara yaqinida to’planayotgan jangarilar son jihatdan ko’p emas, vaziyat nazorat ostida va har qanday hujum bartaraf etiladi.

Afg’onistonning Tojikiston va Turkmaniston chegaralari yaqinida jangarilar bilan to’qnashuv davom etmoqda, degan ma’lumotlar ham bor.

Afg’oniston shimolida “Islomiy davlat” va boshqa ekstremistik guruhlarga aloqador jangarilar soni bir necha mingni tashkil etadi degan vahimali xabarlar ham tarqatilmoqda.

Bu jangarilar orasida mintaqa fuqarolari ko’pmish qabilidagi da’volar munozaraga sabab bo’lmoqda.

Markaziy Osiyoga Afg’onistondan kelayotgan tahdid yaqinda Moskva Xalqaro aloqalar institutida (MGIMO) muhokama qilindi. Kollektiv xafsizlik shartnomasiga kiruvchi davlatlarning vakillari qatnashgan bu anjumanda zaif davlatlar nazoratni qo’ldan berishi mumkin va siyosiy- ijtimoiy portlashlar yuzaga kelishi ehtimoli bor degan fikrlar yangragan.

O’zbekiston va Turkmaniston Rossiya yetakchligidagi bu harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga kirmaydi. Tojikiston unga a’zo, mamlakatda Rossiya yirik harbiy bazaga ega. Ammo bu fakt Tojikistondagi xavotirni kamaytirmaydi.

Toshkentdan siyosatshunos Farhod Tolipov tahlilicha, umuman olganda vahimaga hojat yo’q.

“Buni hozircha jiddiy bir xavf tug’diradigan omil deb bo’lmaydi, ammo Afg’oniston shimolida harakatlar bo’layotgani aniq. Bu bizga yetib kelayapti. Lekin ularni uyushgan, aniq bir yagona markazdan boshqarilayotgan qandaydir katta bir rejaning ko’rinishi deb baholashga hali erta. Bu guruh, birinchidan, o’zi joylashgan hududda aniq bir ustuvorlikka ega bo’lishi, shundan so’ng harbiy ekspanisiyani boshqa hududlar evaziga kengaytirish mumkin. Ikkinchisi esa mafkuraviy ta’sir. Hozir har ikki holat ham mintaqa uchun biror jiddiy xavf tug’dirayotgani yo’q”, - deydi mutaxassis.

Afg’onistondagi jangarilar safida, shuningdek, “Islomiy davlat” tarkibida ham qancha o’zbekistonliklar va qo'shni o'lkalarning fuqarolari borligi aniq emas. Rasmiy ma’lumotlarda ular bir nech yuz kishi deb taxmin qilinsa, ijtimoiy tarmoqlarda ancha faol bo’lgan jangarilarning o’zlari minglab o’zbeklar borligi haqida aytadi.

“Islomiy davlat” o’z targ’ibot kampaniyasida mintaqa vakillariga diqqat qarata boshlagan. Bu guruh safiga qochib o’tgan tojik qo’mondoni Gulmurod Halimov jangda o’ldi degan xabarlar ketidan, yo’q, u faqat yaralandi degan gap tarqaldi. O’zini Abu Husayin O’zbekiy deb tanishtigan jangari esa yurtdoshlarini “Islomiy davlat” safiga chorlab video chiqardi.

Ammo “Islomiy davlat” tomonidan mintaqa haqida biror bayonotning o’zi yo’q. May oyida O’zbekiston Islomiy Harakati bu guruhga sodiqligini bildirgan edi. “Islomiy davlat” unga ham ochiq javob bermagan.

Ayni paytda o’zbeklar va turkmanlar zich yashaydigan Afg’oniston shimolida u guruh hukumat kuchlari bilan jang qilayotgani, o’zbeklar va chechenlar mansub jangarilar mahalliy aholidan qo’shilgan tarafdorlarini treningdan o’tkazayotgani xususida informatsiya bor.

Mintaqadan bir o’zbek o’z kuzatuvlariga asoslanib “Amerika Ovozi” ga aytishicha:

“Mahalliy aholining O’zbekiston islomiy harakatiga xizmat qilish ehtimoli katta. Yoki ularni qo’llab quvvatlashi, joy berishi, mintaqada faoliyat yuritishlariga yordam berishi mumkin“.

O’zbekistonda ekstremistlar safiga qo’shilayotganlar asosan ijtimoiy-iqtisodiy nochorlikka to’qnash kelganlardan iborat degan qarash mavjud.

Huquq himoyachilari esa buni ko’proq mamlakatdagi diniy cheklovlar, inson huquqlari toptalyotgani bilan bog’lashadi. Mafkuraviy bo‘shliq bois ham jihodchilik yo’lini tanlayotganlar ko’p, deydi ziyolilar.

Qunduz... Afg'on kuchlari jangarilarga qarshi tinimsiz kurashda

Qunduz... Afg'on kuchlari jangarilarga qarshi tinimsiz kurashda

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG