Breaking News

Ashraf G’ani dunyo hamjamiyatiga Afg’oniston haqida eslatib qo’ydi


Germaniyaning Myunxen shahrida o’tgan xalqaro anjumanda Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani so’zga chiqib, dunyo ahlidan uning davlatini yoddan chiqarmaslikka undadi.

Ashraf G’ani dunyo hamjamiyatiga Afg’oniston haqida eslatib qo’ydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

“Terrorizm tahdidi butun dunyoga yoyilgan bo’lsa-da, Afg’oniston global terror tizimlarining, jumladan “Islomiy davlat” guruhining tayanch nuqtasi bo’lib qolmoqda. Buni esdan chiqarsak, oqibatlari jiddiy bo’ladi”, deya ogohlantirdi Prezident Ashraf G’ani.

Afg’on rahbari anjuman ishtirokchilariga murojaatini NATO koalitsiyasi va xususan Qo’shma Shtatlarga minnatdorchilik bildirishdan boshladi.

“2014-yining dekabrida harbiy missiya yakunlandi, lekin afg’on qurolli kuchlarini oyoqqa turg’izish uchun qolgan kichik sonli qo’shin kelajak uchun muhim. Biz birgalikda ko’p narsaga erisha olamiz”, - dedi Ashraf G’ani.

Dunyo rahbarlari va biznes yetakchilarni bir joyga to’plagan anjuman mezboni, Germaniya kansleri Angela Merkel xalqaro koalitsiya Afg’onistonda maqsadga erishganini ta’kidladi.

“Ta’lim, sog’liqni saqlash va iqtisodiy sohada yutuqlarga erishildi, qurolli kuchlar soni oshdi. Eng muhimi, Afg’oniston bugun terror o’chog’i emas”, - dedi kansler.

Shu bilan birga Angela Merkel xavfsizlik, korrupsiya va qoradori savdosini Afg’oniston yuzlashayotgan eng dolzarb muammolar qatorida sanab o’tdi.

Prezident G’ani, o’z navbatida, Afg’onistonda hokimiyat tinch yo’l bilan, saylov orqali almashganiga urg’u berdi.

“Yuqorida tilga olingan muammolarni hal qilishda, jumladan terrorizmga qarshi kurashda dunyo madadiga muhtojmiz. Suriya, Iroq, Yaman va Liviyadagi voqealarni Afg’onistondan ayri ko’rmaslik lozim”, - deya uqtirdi prezident.

Uning aytishicha, “Islomiy davlat” va al-Qoida kabi guruhlar Afg’onistonda chuqur ildizga ega.

Qayd etish joiz, o’tgan hafta NATO mudofaa vazirlarining Bryusseldagi yig’inida so’nggi 13 yilda ilk bor Afg’oniston masalasi kun tartibidan joy olmagan. Bu hol Kobulda xavotir uyg’otayotgan bo’lishi mumkin.

Hech bir davlatni tilga olmagan bo’lsa-da, Ashraf G’ani mintaqada terrorchi guruhlarni moliyalayotgan va quvvatlayotgan davlatlar borligini ta’kidladi. Bunday amaliyotga nuqta qo’yiladi degan umiddamiz, deydi u.

Afg’on rahbari bu bayonoti bilan qo’shni Pokistonga ishora qilayotgani sir emas. Shimoliy Vaziriston qabilaviy mintaqasi Haqqoniylar jangari tizimining manzili sanaladi. O’tgan oylar mobaynida Pokiston armiyasi bu hududda katta harbiy operatsiya o’tkazib, bu guruhlarga qattiq zarba bergan.

“Ular Afg’onistonga ko’chishi xavfi bor”, deya ogohlantirdi Prezident Ashraf G’ani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG