Loya Jirg'adan bu safar nima kutish mumkin?

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Loya Jirg'a - xalq kengashini Amerika bilan xavfsizlik bitimini ma’qullashga da’vat etmoqda. Kelishuv 2014-yildan so’ng 10-15 ming xorijiy askarga mamlakatga qolishga ruxsat beradi.

Loyihaga ko’ra, AQSh askarlari faqat favqulodda hollarda mahalliy xonadonlarni tintuv qilishi yoki reyd o’tkazishi mumkin.

Loya Jirg’a bugun ish boshladi.Qabila va jamoa yetakchisi yuzlab qonunchilar bilan birgalikda to’rt kun davomida AQSh qo’shinlarining 2014-yildan keyin mamlakatda qolish-qolmasligini muhokama qiladi.

Prezident Karzay va AQSh hukumati o’rtasidagi kelishuvni qabul qilish yoki qilmaslik haqidagi qaror mamlakat kelajagini belgilab beradi.

Poytaxt Kobulda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Shaharga kirish qattiq tekshirilmoqda. Loya Jirg’a bo’lib o’tayotgan joyga yaqin yo’llar ustidan nazorat o’rnatilgan. Odamlar tekshirilib, tintuv qilinmoqda.

Xavfsizlik atrofidagi xavotirlar, shuningdek, qo’shni Pokiston va Eronning mintaqada ta’sirini kuchaytirish niyati ayrim qonunchilarni Vashington bilan shartnomani qo’llab-quvvatlashga undadi. Ulardan biri Solih Muhammad Solih.

“Ikki tomonlama shartnomada mamlakatga hujum yoki mamlakat ichidagi mojarolarda AQSh bizning milliy armiyamizni qo’llaydi degan g’oya aks ettirilishi kerak”, - deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Karzay shartnoma loyihasini AQSh rasmiylari bilan muhokama qilgan, ammo uning prezident Barak Obamaga so’rovi qo’ndirilmagan. So’rovga ko’ra, AQSh rahbari afg’on xalqiga maktub yo’llab, harbiylar yo’l qo’ygan xatolar va afg’onlar 12 yillik urushda aziyat chekkanini e’tirof etishi ko’zda tutilgan edi.

Yana bir muammo – AQSh harbiylarining 2014-yildan keyin afg’onlar xonadonlarini tekshirishi uchun qo’yiladigan talablar.

Maktubda faqat “favqulodda hollarda” AQSh askarlari afg’onlar uyiga bostirib kirishi mumkinligi aytilishi va Obamaning o’tmishda yo’l qo’yilgan xatolar qaytarilmasligini va’da qilishi ham ko’zda tutilgan edi, deydi Karzay so’zlovchisi Aymal Fayziy.

AQShning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Syuzan Rays AQSh Afg’onistondan kechirim so’ramasligini aytdi.

Davlat kotibi Jon Kerri seshanba-chorshanba kunlari telefon orqali Karzay bilan bir necha bor gaplashgan. "Prezident Karzay Obamadan avf so'rashi kerak, deb aytmagan. Bunday gap asossiz", deya bayonot berdi u.

Bu malasa hal etilganida ham shartnoma Loya Jirg’ada qabul qilinishi, so’ngra parlament tasdig’idan o’tishi kerak. Hujjat shanba ovozga qo’yiladi.

Bahsli mavzular sirasida Amerika zobitlari sodir etgan jinoyatlari uchun qayerda - Afg’oniston yoki AQShda sud qilinishi masalasi bor.

Agar Jirg’a ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini qabul qilmasa yoki Vashington qabul qilolmaydigan o’zgarishlar bilan tasdiqlasa, ikki davlat o’rtasidagi kelishuv ro’yobga chiqmaydi.

Bu holda Obama ma’muriyati barcha qo’shinlarni kelasi yil oxirida Afg’onistondan olib chiqishga majbur bo’ladi. Bu esa o’z navbatida Vashingtonning bu mamlakatga yordamini savol ostiga qo’yishi mumkin.

“AQSh bizning xavfsizlik kuchlarimizga 4,1 milliard dollar ajratishni, fuqaroviy institutlarga esa yana 4 milliard berishni va’da qilgan. Loya Jirg’a hukumatga shartnomani rad eting deya maslahat bersa, yordamni yo’qotishimiz mumkin”, - deydi qonunchi Hoji Mirdad Xon Nijrobiy.

Oddiy odamlar fikriga kelsak, ayrimlar Amerika harbiylari mamlakatdan chiqib ketsin deydi. Boshqalar buning salbiy oqibatlaridan xavotirda.

“Shartnomasiz Tolibon, Pokiston razvedkasi va Eron razvedkasining Kobulgacha qo'li yetadi”, - deydi afg'onlardan biri.

Shuningdek, kecha mamlakat saylov komissiyasi prezidentlikka da’vogar kishilarning tugal ro’yxatini e’lon qilgan. Ikkinchi muddatini yakunlayotgan Hamid Karzay poygada qatnashmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG