Kobuldagi hujumda kamida 10 kishi o'lgan

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, Kobuldagi Amerika universitetida 10 soat davom etgan hujum natijasida kamida 10 kishi o'lgan, 37 dan ortiq odam yaralangan.

O'lganlarning yetti nafari talaba, ikkitasi politsiyachi va biri qo'riqchi bo'lgan. Yaralanganlar orasida bir xorijlik o'qituvchi bor.

Hujum boshlangandan so'ng ichkarida qolib ketgan 700 dan ortiq universitet xodimlari va talabalar qutqarilgan.

Hujum 24-avgust kuni mahalliy vaqt bilan 18:30 larda boshlangan. Dastlabki qattiq otishma bir soatcha davom etgan.

Politsiya ma'lumotiga ko'ra, hujumchilarning kamida ikki nafari o'ldirilgan.

Pentagon so'zlovchisining aytishicha, hujumni qaytarishda bir guruh amerikaliklar afg'onistonlik hamkasblariga maslahat bergan.

Daniyalik jurnalist Syun Rasmussenning "Amerika Ovozi"ga ma'lum qilishicha, ichkaridagi odamlarning bir guruhi portlashdan so'ng zararlangan devor teshigidan qochib chiqqan.

Hozircha xuruj uchun mas'uliyatni hech kim bo'yniga olgani yo'q.

AQSh Davlat departamenti hujumni qoralab, uni Afg'oniston kelajagiga uyushtirilgan xuruj deb atadi.

Shu oy boshida universitetning bir afg'onistonlik professori hamda uning avstraliyalik hamkasbi o'g'irlab ketilgan edi. Ularning qayerda ekani hanuz ma'lum emas.

Universitet AQSh yordamida 2006-yilda ochilgan. U mustaqil institut bo'lib, ijtimoiy fanlarni o'qitishda Amerika ta'lim modeli asosida ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG