Breaking News

Afg'onistonda prezident Karzayning ukasi o'ldirildi


Ahmad Vali Karzay viloyat kengashini boshqarib kelar va notinch janubdagi eng qudratli rasmiylaridan biri bo’lgan
Ahmad Vali Karzay viloyat kengashini boshqarib kelar va notinch janubdagi eng qudratli rasmiylaridan biri bo’lgan

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning ukasi kecha janubdagi Qandahor viloyatidagi xonadonida otib o’ldirilgan.

Yurtda tanilgan, nufuzli arbob Ahmad Vali Karzay o’z uyida, ishongan shaxsiy soqchisi qo’lidan o’lgan.

Tolibon va xalqaro koalitsiya orasidagi shiddatli janglar kechayotgan viloyatda sodir etilgan bu qotillik sabablari tergov ostida.

“Afg’on xalqi yana bir farzandini qurbon keltirdi”, - deydi prezident Karzay.

“Kundalik hayotimiz o’lim bilan bog’liq. Bu jaholat va talofatlar bir kun kelib, barham topadi va yurtimizda tinchlik qaror topadi degan umiddamiz”, - deydi prezident.

Kim edi u?

50 yoshli Ahmad Vali Karzay viloyat kengashini boshqarib kelar va notinch janubdagi eng qudratli rasmiylaridan biri bo’lgan edi.

Afg'onistonda prezident Karzayning ukasi o'ldirildi
Afg'onistonda prezident Karzayning ukasi o'ldirildi

To'rt farzandning otasi Vali Karzayning bu lavozimdagi vazifasi faqat maslahat berish bilan cheklanar edi. Uning kuchi – mol-davlati, qabilalar bilan yaqinligi va tanish-bilishi ko’p ekanida ekani aytiladi.

Odamlar har kuni Vali Karzayning huzuriga kiraman, siyosat, biznes masalasida maslahat va yordam olaman deb navbatda turar edi.

Lekin uning boyligi qayerdan kelgani ko’p gap-so’zga sabab bo’lgan. Xalqaro koalitsiyaning yaqin ittifoqchisi bo’lish bilan birga, korrupsiya ayblovlari bilan bot-bot yuzlashgan ham, jinoyatchilik va narkotiklar savdosida gumon qilingan ham u.

Biroq Ahmad Vali Karzay mazkur da’volarni qat’iyan inkor etgan.

So’nggi bir necha yil davomida janubdagi Pashtu qabilalar bilan muloqot qilar ekan, prezident Karzay ukasiga tayanar edi. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, G’arb ham unga suyangani ma’lum.

Hamid Karzay onasi boshqa, otasi bir bo’lgan bu inisini doim himoya qilib kelgan. Har ikkisi 2001 yilda, Tolibon hokimiyatdan ag’darilgach, Afg’onistonga qaytganlardan. Vali AQShning Chikago shahrida bir vaqtlar restoran ochgan.

Toliblar qotillikni biz sodir etdik, deydi. Lekin buni tasdiqlovchi dalillar yo’q.

Prezidentning ukasi Qandahorni harna boshqarib turgani, nisbatan tartib saqlagani ham haqiqat.

Uning o’limi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Qotil Karzayga yaqin odam ekani - xavfsizlik qanchalik mo’rt ekanidan nishona.

Xalqaro qo’shin qo’mondoni general Deyvid Petreus prezident Hamid Karzayga hamdardlik izhor etib, qotillikni qoraladi. “Javobgar shaxslarni topishda yordam ayamaymiz”,- deydi general.

“Amerika Ovozi” Vali Karzayning do’sti va qonunchi Bismilloh Afg’onmal va siyosatchi Sayid Is’hoq G’iloniyga murojaat qilib, qotillikning siyosiy manzaraga ta’siri haqida so’radi.

Afg’onmal voqeani qoralab, sharmandali hol deya ta’riflamoqda.

“Qotillik beqaror Qandahor viloyatidagi ahvolda aks etishi aniq, chunki Vali Karzay obro’li va hammaga so’zi o’tadigan arbob edi”, - deydi u.

Lekin Afg’onmal nazarida viloyat boshqaruvida xavfli vakuum paydo bo’ladi deyishga hali erta.

G’iloniy so’zlariga ko’ra, Vali Karzayni anchadan beri o'ldirishga harakat qilishgan.

“Vali Karzayning o'limi nafaqat siyosatchilarni, balki oddiy xalqni ham qo’rquvga soladi. Hali buning asoratlarini ko'ramiz”, - deydi G’iloniy.

Afg'onistonda prezident Karzayning ukasi o'ldirildi
Afg'onistonda prezident Karzayning ukasi o'ldirildi

Fransiya esa kelasi yil 1000 askarini Afg’onistondan olib chiqmoqchi.

Bugun Kobulga safar qilgan prezident Nikolya Sarkozi bu haqda ma’lum qilgan.

Hozir Afg’onistonda 4000 fransuz harbiysi bor. Ular asosan sharqiy viloyatlarda xizmat qiladi.

2001 yildan beri bu davlatning 64 askari jang maydonida halok bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG