Karzay saylov mashmashasiga tezroq chek qo'yishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay (markazda) prezidentlikka nomzodlar - Abdulla Abdulla hamda Ashraf G'ani bilan, Kobul, 19-avgust, 2014-yil.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay (markazda) prezidentlikka nomzodlar - Abdulla Abdulla hamda Ashraf G'ani bilan, Kobul, 19-avgust, 2014-yil.

Afg’onistonda bugun mamlakat mustaqilligining 95 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan nutq so’zlagan prezident Hamid Karzay saylov bo’yicha ikki oydan beri davom etayotgan kelishmovchiliklarga tezroq yakun yasashga chaqirdi.

Prezidentlikka nomzodlar Abdulla Abdulla hamda Ashraf G’ani yonida gapirgan Karzay Afg’oniston barcha tomonlarni o’z ichiga oluvchi hukumatga muhtoj ekanini ta’kidladi.

Mamlakatning nabbatdagi rahbari kim bo’lishi hanuz mavhum qolayotgan bir paytda Kobulning Tolibonga qarshi kurashi davom etmoqda.

Logar viloyati politsiyasi rahbari general Abdul Hakimning aytishicha, 19-avgust kuni Azra tumanida Tolibon amalga oshirgan katta hujum muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.

“Og’ir va yengil qurollarga ega 700 Tolibon vakili bizga hujum qildi – dedi u. – Biz bu hujum haqida 24 soat avval ma’lumot olgan edik, shuning uchun ularni to’liq tayyorgarlik bilan kutib oldik. Amaliyotda bir askarimiz jarohat oldi, ammo dushmanlardan 17 tasini o’ldirdik, 6-7 tasi yaralandi”.

Karzay 25-avgustgacha yangi prezidentning qasamyod keltirishiga umid qilmoqda. Ammo ko’pchilikka ko’ra, marosimning bu muddatgacha o’tishi dargumon.

Saylovning 14-iyunda bo’lib o’tgan 2-bosqichida 8 million fuqaro ovoz bergan edi. Saylov natijalarining soxtalashtirilgani haqida bahslar kuchaygach, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri vositachiligida barcha ovozlarni qayta sanashga kelishib olindi.

Qayta sanash natijalari yaqin kunlar ichida oshkor qilinishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG