Tolibon Qunduzni yana ishg'ol qilishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston xavfsizlik kuchlari

Afg'oniston xavfsizlik kuchlari

Afg'onistonning Qunduz shahrida Tolibon va hukumat kuchlari o'rtasida keskin janglar kechayotgani xabar qilinmoqda. O'tgan yili bir muddat shahar Tolibon qo'liga o'tgan ham edi.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, isyonchi guruh shaharga to'rt tomondan hujum boshlagan. Aholi ertalab uyg'onganda shahar g'arbidagi Hoqoniy mahallasi ko'chalarida Tolibon jangchilarini ko'rgan.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Davlat Vaziriyning aytishicha, havo hujumlari yordamida xavfsizlik kuchlari isyonchilarni shahardan surib chiqarishga muvaffaq bo'lgan va hozir kurash Qunduz tashqarisida davom etmoqda.

Ayni paytda Tolibon so'zlovchisi Zabihulloh Mujohid afg'on kuchlariga og'ir zarbalar berilganini va Qunduzning ayrim qismlari hozir guruh nazoratida ekanini aytdi.

Bundan tashqari, Tolibon Hilmand viloyatining Nava tumaniga ham hujum qilgan. Viloyatning bir qator tumanlarini guruh nazorat qiladi.

Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Vaziriy Hilmanddagi to'qnashuvlarni tasdiqladi, ammo viloyat markazi Lashkar Gohning Tolibon qo'liga o'tish arafasida turgani haqidagi iddaolarni inkor qildi.

Tolibon 2015-yil sentabrda Qunduz shahrini egallab olib, xalqaro koalitsiya tayyorgarligidan o'tgan afg'on armiyasiga jiddiy zarba bergan edi. 2001-yil AQSh bosqini ortidan hokimiyatdan ajralgan Tolibon uchun bu ilk bor viloyat markazini ishg'ol qilish bo'ldi. Ko'p o'tmay, shahar yana isyonchilar qo'lidan tortib olindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG