Breaking News

Qunduzga qo'shimcha ming hukumat askari jo'natilmoqda


Afg'oniston politsiyasi Qunduz ko'chalarida, 3-oktabr, 2016-yil.
Afg'oniston politsiyasi Qunduz ko'chalarida, 3-oktabr, 2016-yil.

3-oktabr oqshomi bir guruh toliblar Qunduz shahriga hujum qilib, uning bir necha qismini bosib olgan edi. To’qnashuvlar hamon davom etmoqda. Shaharning ayrim qismlaridan toliblar quvib chiqarilgan, lekin ba’zi joylar hanuz isyonchilar nazorati ostida.

Qunduzliklar hukumatni beparvolikka ayblaydi.

Bundan bir yil oldin ham Qunduz shahri toliblar nazoratiga o’tgan edi. Qaytarib olishga qariyb ikki hafta vaqt ketdi. Aynan bir yil o’tib, toliblar yana Qunduzni egallashga harakat qildi. Natijada shaharning bir necha qismi bosib olingan.

Hozir esa Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdulrashid Do’stum rahbarligida o’tkazilgan majlisda Qunduz shahrini toliblardan tozalash maqsadida 1000 nafar qo’shimcha kuch jo’natishga qaror qilingan.

“Majlisda shunday qaror qabul qilindi: ushbu 1000 nafar askar 6-oktabr kuni Qunduz viloyatiga jo’naydi. Askarlarni Vitse-prezident general Abdulrashid Do’stumning o’zi milliy mudofaa vazirligining qo’mondonlik bo’limidan turib nazorat qiladi”, - deydi Vitse-prezident idorasi raisi Doktor Inoyatullo Bobur Farahmand.

Xavfsizlik rasmiylariga ko’ra, oddiy odamlar uylarida yashiringan toliblar birma-bir quvib chiqariladi.

Ayni paytda, tahlilchilar nazarida, hukumatdagi noloyiq odamlar va ichki muomalalar Qunduzning toliblar nazoratiga o’tishiga sabab bo’lgan.

“Qunduzda qo’mondon etib tayinlangan odamlar, Qunduzning geografik vaziyatidan bexabar odamlar askarlarni boshqarishni bilmaydi. Avvalo, shuning o’zi katta mushkul; bu hal qilinishi kerak”, - deydi senator Nisor Horis.
Aholi vaziyatdan tashvishda.

“Qunduz aholisining ahvoli juda og’ir, xavotirli. Katta qiyinchilik bilan duch kelganlar”, - deydi Qunduzda yashovchilardan biri.

Lekin Milliy mudofaa vazirligi so’zlovchisining muovini general Muhammad Rodmanish “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Qunduzni toliblar nazoratiga o’tgan deb hisoblamaydi. Faqat ayrim joylarni bosib olgan, deydi u.

“Toliblar tunning qarong’uligidan foydalanib, Qunduz shahrining ba’zi qismlariga hujum qilgan. Biz toliblarga qarshi amaliyotlarni boshladik, amaliyotlar hanuz davom etmoqda. Ularni orqaga quvmoqdamiz.Lekin Qunduz toliblar nazoratiga o’tdi, degan gapga qo’shilmayman. Biz hanuz urushmoqdamiz. Muhim hududlarni qaytarib oldik”, - deydi Milliy mudofaa vazirligi rasmiysi general Muhammad Rodmanish.

Avvalgi voqeani tekshirish maqsadida maxsus komissiya vazifalantirilgan edi. Lekin tekshiruv natijalari ommaga oshkor qilinmadi.

Mazkur komissiya a’zosi senator Abdullo Qarluq hukumat komissiya taqdim etgan ma’lumotdan foydalanmaganini aytadi.

“Komissiyaning taqdim etgan taklifi va rejalari amalga oshirilganda edi, biz bugun bunday ahvolga duch kelmas edik. Qunduzda bunday voqea yuz bermas edi”, - deydi Abdullo Qarluq.

Afg’onistonda tashkil etilgan komissiyalarga ishonch juda past.

“Afg’onistonda komissiyalar ko’proq namoyish ishlagan. Yoki komissiya ma’lumotlariga hukumat e’tibor bermagan yo ham siyosiy tarkiblar sababli komissiyalar yaxshi ishlolmagan”,- deydi deputat Favziya Ko’fiy.
Qunduz viloyatida to’qnashuvlar natijasida ommabop inshootlar vayron qilingan, elektr va telefon xizmatlari ishdan chiqqan.

Ma’lumatlarga ko’ra, Qunduz hokimi uyi ham yondirilgan.

Aholi uy-joyidan ayrilib, qo’shni shaharlar va boshqa tinch hududlarga ko’chib chiqqan.

Bu orada Juzjon viloyatining Qo’shtepa va Darzob tumanlarida xavfsizlik bo’yicha vaziyat ancha murakkab ekani aytilmoqda. Qo’shni viloyatlardan to’plangan toliblar tumanlarning ko’p qismini egallagan, harbiy paygoh qurgan.

“Faryob viloyatining Bilchiroq tumanidan harbiylar Juzjonning Darzob tumanidagi harbiylarga yordam berish maqsadida kelayotgan edi. Ular yo’lda toliblar pistirmasiga duch keladi; 12 nafar harbiy hayotini yo’qotgan… Toliblar ikki yigitni hukumat bilan hamkor ekani aybi bilan halok etgan”, - deydi Juzjon hokimi so’zlovchisi Rizo Ga’furiy.

G’afuriyga ko’ra, bu ikki tumanni toliblardan tozalash maqsadida harbiy amaliyot davom etmoqda.

Uning aytishicha, Juzjondagi politsiya soni juda oz. 1600 nafar politsiya bilan bir viloyatning xavfsizligini ta’minlash juda qiyin. Juzjon viloyati uchun ixtisoslashtirilgan armiya ham Qunduz va Bag’lon kabi viloyatlarga ketgan.

“Shibirg’ondan ham Darzobga qarab ko’mak uchun harbiylar jo’nagan. Bir necha hududlarda hanuz tozalash amaliyotlari olib borilmoqda. Maqsadimiz Qo’shtepa va Darzob tumanlarini toliblardan butunday tozlashdir”,- deydi G’afuriy.

Juzjon hokimi so’zlovchisining aniqlashicha, Juzjondagi urushlarga Pokistonlik toliblar, ayniqsa, ularning ikki nafar generali rahbarlik qilmoqda. O’zbekiston Islomiy Harakati jangarilari mahalliy toliblarga ta’limiy ishlarda yordam beradi.

“Juzjondagi toliblar soni ba’zi vaqtlarda ko’payib ketadi. Qo’shni viloyatlardagi toliblar bir joyga yig’iladi. Hozir Juzjonda ular soni 1000 nafardan oshadi. Toliblarning ikki nafari pokistonlik general va 15 nafari O’zbekiston Islomiy Harakatidan”, - deydi Juzjon hokimi so’zlovchisi Muhammad Rizo G’afuriy.

G’afurning aytishicha, Juzjondagi so’nggi janglarda 10 nafar tolib halok bo’lgan va 15 nafari yaralangan.

O’zini matbuotga Tolibon so’zlovchisi deb tanishtiruvchi Zabihullo Mujohid ham Juzjondagi pistirma natijasida 12 nafar harbiy halok bo’lganini tasdiqlagan.

XS
SM
MD
LG