Breaking News

Afg'onistonda xorijlik jurnalist otib ketildi


Shvetsiyalik jurnalist Nils Xorner
Shvetsiyalik jurnalist Nils Xorner
11-mart kuni Kobul ko’chalaridan birida Shvetsiya va Britaniya fuqarosi bo’lgan jurnalist Nils Xorner otib ketilgan. Xalqaro kuchlar mamlakatni tark etishga hozirlanar ekan, zo’ravonlik hollari kamaymayapti.

Xorner Kobulga bir necha kun oldin kelgani ma'lum.

Qotillik kim tomonidan amalga oshirilgani noma’lum. Tolibon voqea uchun mas’uliyatni zimmasiga olganicha yo'q. Hodisa mamlakatda vaziyat beqaror ekani va xavfsizlik to'la ta'minlanmagani, shu bois zo’ravonliklar uchun faqat bir guruh mas’ul emasligini ko’rsatdi.

Afg’onistonda mustaqil matbuotni qo’llab-quvvatlovchi tashkilot rahbari Mujib Xilvatgarning aytishicha, 5-aprelga mo’ljallangan saylov kuni yaqinlashar ekan, jurnalistlarga qarshi hujumlar yanada ko'payishi mumkin.

“Jurnalistlarga qarshi ko’proq tahdidlarga guvoh bo’lishimizga to’g’ri keladi. Chunki Afg’oniston hukumati ularga bosimni oshiryapti. Shuningdek, xavfsizlikning beqarorlashuvi jurnalistlarga qarshi zo’ravonlik va tahdidlarning kundan kunga oshib borayotganini ko’rsatmoqda”, - deydi u.

Tolibon saylovda qatnashgan odamlarni o’ldirishi haqida ogohlantirmoqda.

Xilvatgarning aytishicha, mamlakatda yil boshidan beri uch jurnalist o’ldirilgan. 10 dan ortiq muxbir esa turli jismoniy va og’zaki tazyiqlarga uchragan.

Shvetsiya elchixonasi Hornerning o’limini tasdiqladi. Qotillik yanvar oyida bomba portlashi oqibatida 21 odam halok bo’lgan restoranga yaqin manzilda ro’y bergan.

BMTning Afg’onistondagi missiyasi rahbari Jan Kubish jurnalistga uyushtirilgan hujumni qoralab, tinch fuqarolarning zo’ravonlik qurboni bo’layotganidan qattiq tashvishda ekanini aytgan.

Xornerning o’limi Kobulning qattiq himoyalanadigan diplomatik qismida ro’y bergan. U ishlagan tashkilotning xabar berishicha, jurnalist bundan oldin Iroq va Misrda ham faoliyat yuritgan.

Kobul kuchli himoya devorlari va simto’rlar bilan o’ralib, og’ir qurollangan askarlar tomonidan himoya qilinishiga qaramay, jangarilar restoran, mehmonxona va elchixona binolariga tez-tez hujum uyushtirib turadi. Bunday hujumlarda shu paytgacha ko’plab xorijlik va mahalliy fuqarolar halok bo’lgan, ammo alohida bir xorijlikning hujumga tutilishi kam uchraydigan hodisa hisoblanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG