Tolibonga qarshi shiddatli hujumlar davom etadi, deydi admiral Myullen

  • Al Pessin

Afg’onistonning Logar viloyatida bedarak ketgan ikki amerikalik harbiyni qidirish ishlari avjida. Tolibon ularning birini o’ldirib, ikkinchisini ushlab turganini aytmoqda. Askarlar o’tgan juma kuni yo’qolgan edi.

AQSh Birlashgan Shtab boshlig’i admiral Mayk Myullen Kobulda afg’on rahbariyati bilan muzokara olib borar ekan, vaziyat og’ir ekanini tan olgan.

Uchrashuvlarda Amerika sakkiz oy oldin qabul qilgan strategiya shu kungacha nima samara bergani muhokama qilingan. Xulosa shuki, hozircha katta o’zgarishlardan darak yo’q.

“Sabr-toqat va matonat bilan harakat qilishda davom etamiz”, - deydi admiral Myullen.

“Men, bu yerdagi qo’mondonimiz Deyvid Petreus va butun rahbariyat nomidan shuni aytamanki, strategiya amaliyoti shiddat bilan davom etmoqda va oldinda qanday vazifalar turgani aniq. Nima qilishni, qanday qilishni bilamiz. Tinchlikka erishish oson bo’lmasligini boshidan anglaganmiz. Kelasi bir yil har jihatdan qaltis davr bo’ladi”,- deydi admiral.

Joriy yil oxiriga borib, amaldagi siyosat qayta ko’rib chiqiladi. Ungacha Afg’oniston janubining aksariyat qismi toliblardan tozalanadi degan umid bor.

Kelasi yil shu paytda esa, prezident Obama rejasiga ko’ra, AQSh harbiylari Afg’onistonni asta sekin tark eta boshlaydi. Amerika birdaniga yoki ishni chala tashlab chiqib ketadi degan xavotirga o’rin yo’q, deydi admiral Myullen.

Eng oliy vazifa Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash, deydi u, xavfsizlikni mustahkamlash. Qandahor singari viloyatlarda Tolibonni yengish.

“Ikki yilcha oldin Iroqda shu singari holat bilan yuzlashgan edik. Jangarilarni ular eng mahkam joylashib olgan hududlarda yer tishlatish kerak”,- deydi admiral.

Amerika o’tgan yildan beri Afg’onistondagi kuchlari sonini oshirib kelmoqda. Hozirda 95 mingga yaqin. Sentabrgacha qo’shinlar yana 30 mingga ko’payadi. Uzoq tayyorgarlikdan keyin Qandahorda qonli janglar kutilmoqda.

Viloyat Tolibondan butunlay tortib olingach, deydi NATOning Afg’onistondagi bosh diplomati Mark Sedvill, butun diqqat u yerda hokimiyat o’rnatib, xavfsizlikni ta’minlash, iqtisod va taraqqiyotga qaratilishi kerak.

“Politsiya idoralarini tuzib, ishni harbiylarga emas, ichki ishlar xodimlariga topshiramiz. Qandahor shahri va butun viloyatda mahalliy organlarni kuchaytirish kerak degan fikrdamiz, toki xalq ularni ajnabiylar emas, o’z odamlari idora etayotganini ko’rsin va shunday bo’lishi kerak ham”,- deydi NATO elchisi.

XS
SM
MD
LG