Breaking News

AQSh Hilmand markazini himoya qilish uchun 100 askar jo'natdi


AQSh kuchlari so'zlovchisining aytishicha, Tolibon Afg'onistonda taktik g'alabalarga erishmoqda va shu bois janubiy viloyat markazini himoya qilish uchun hududga 100 Amerika askari jo'natilgan.

"Tolibon bu g'alabalarini davom ettiradiganga o'xshaydi, lekin ular yirik aholi markazini qo'lga kiritish maqsadiga erisha olmadi", - deydi brigada generali Charls Klivlend.

Hilmand viloyatining bir qator hududlarida janglar kuchaygan. Isyonchilar Lashkar Goh shahriga yaqinlashib qolgan.

23-avgust kungi amaliyotda bir AQSh askari halok bo'lgan, yana biri yaralangan.

Voqea afg'onlarni tayyorgarlikdan o'tkazish paytida sodir bo'lgan portlash oqibatida yuz bergan.

Klivlendning aytishicha, shaharga yuborilgan AQSh askarlari mahalliy askarlarni tayyorgarlikdan o'tkazish, maslahat berish hamda hujumlarni tashkil etishda yordamlashish vazifalarini bajaradi.

"Tolibon shaharda va shahar tashqarisida zo'ravon xurujlarga qo'l urish qobiliyatiga ega. Lekin Lashkar Goh ularga boy beriladi, deb o'ylamaymiz", - dedi AQSh harbiysi.

General Klivlendga ko'ra, Tolibon so'nggi janglarda yangi taktik usullardan foydalangan va natijada Afg'oniston askarlari jiddiy yo'qotishlarga uchragan.

Hilmand Afg'onistonning eng katta viloyati bo'lib, Pokiston bilan chegarada joylashgan. Bu yerda yetishtiriladigan bir necha milliard dollarlik qoradori dunyoning aksariyat qismi uchun asosiy ta'minot manbasi hisoblanadi.

Isyonchilar Bag'lan, Qunduz va Taxor viloyatlarida ham hujumlarni kuchaytirgan.

22-avgust kuni hato Toxardagi bir tuman Tolibon nazoratiga o'tgan. Ammo bir necha soatlik qarshi hujum amaliyotlaridan so'ng hukumat kuchlari uni qaytarib olgan.

Isyonchilar so'nggi kunlarda Qunduz viloyati markazini ham qo'lga kiritishga urinmoqda. Shaharni viloyatning boshqa tumanlari bilan bog'lovchi ko'prik portlatib yuborilgan. Tolibon bu ishni amalga oshirmaganini aytib, ko'prikning vayron bo'lishida AQSh havo hujumlarini ayblagan.

Qunduzdagi amaliyotlarda mahalliy kuchlarga AQSh harvbiy vertolyotlari havodan ko'mak bermoqda. O'tgan yili oktabr oyida Qunduz shahri bir muddat Tolibon nazoratiga o'tgan edi. Bu o'tgan 15 yil davomida isyonchilar tomonidan ilk bor yirik shaharning qo'lga olinishi bo'ldi.

Klivlendning aytishicha, shaharning yana isyonchilar qo'liga o'tishi mumkinligi haqidagi xavotirlar asossiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG