Breaking News

Pokiston sobiq bosh vazirining o'g'irlab ketilgan o'g'li ozod qilindi


Ali Haydar Giloniyni uch yil avval Pokistonning Multon shahrida o'g'irlab ketishgan edi.
Ali Haydar Giloniyni uch yil avval Pokistonning Multon shahrida o'g'irlab ketishgan edi.

Afg'oniston xavfsizlik kuchlari Pokiston sobiq bosh vazirining "Al-Qoida"ga aloqador guruh tomonidan o'g'irlab ketilgan o'g'lini ozod qildi.

Noma'lum qurollangan shaxslar sobiq bosh vazir Yusuf Rizo Giloniyning o'g'li Ali Haydar Giloniyni 2013-yil Multon shahrida saylov kampaniyasi bo'lib o'tayotgan payt o'g'irlab ketgan edi. Uning qayerdaligi shu paytgacha noma'lum bo'lgan.

U Afg'onistonning G'azni shahrida AQSh va Afg'oniston kuchlari birgalikda o'tkazgan qo'shma amaliyot natijasida ozod qilingan. Giloniy tibbiy ko'rikdan o'tkazilgach, Pokistonga jo'natiladi.

Sobiq bosh vazirga yangilikni Pokistondagi Afg'oniston elchisi Hazrat Umar Zaxilval yetkazgan.

"U kutilganidek juda xursand bo'ldi va o'g'lining sog'-salomat ozod qilinishiga shaxsan e'tibor qaratgani uchun Prezident G'aniga minnatdorchilik bildirdi", - dedi elchi.

Sobiq hukumat rahbari o'g'lining ozod qilinishi Islomobod-Kobul aloqalari taranglashgan bir paytga to'g'ri keldi.

O'tgan oy 19-aprel kuni Kobulda navbatdagi xudkushlik hujumi yuz bergach, Afg'oniston rasmiylari xurujda Pokistonda joylashgan Haqqoniy tarmog'ini ayblagan edi. Shundan beri o'rtadagi aloqalar keskinlashgan.

Islomobod Kobul ayblovlarini rad etib, 70 kishining o'limiga sabab bo'lgan xurujda Pokistonga aloqador hech bir guruh ishtirok etmaganini da'vo qiladi.

2013-yil Giloniyning o'g'irlanish jarayonida uning tan soqchisi va yordamchisi o'ldirib ketilgan va yana ko'plab odamlar yaralangan edi.

Yusuf Rizo Giloniy 2008-2012-yillar Pokiston bosh vaziri bo'lgan. O'g'irlangan o'g'li o'tgan yili oilasiga bog'lanib, salomat ekanini aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG