Afg'oniston-Pokiston chegarasi qayta ochildi

  • Amerika Ovozi

14-may kuni Pokiston va Afg'oniston to'rt kunlik kelishmovchilik ortidan o'rtadagi asosiy chegarani ochishga qaror qildi. Bu orada minglab yo'lovchilar va yuk mashinalari chegarada to'planib qolgan edi.

Shimoli-g'arbiy Torxam chegara punktini qayta ochish bo'yicha kelishuv Afg'oniston elchisi Hazrat Umar Zaxilvol va Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif uchrashidan so'ng e'lon qilindi.

"Har ikki tomon terrorizmga qarshi kurash hamda mintaqaga davomiy tinchlik olib kelish yo'lida qat'iy ekanini ko'rsatdi", - dedi Pokiston armiyasi so'zlovchisi general-leytenant Asim Bajva.

Ziddiyat 10-may kuni pokistonliklar nazoratni yanada kuchaytirish uchun chegarada devor qurishni boshlagan payt yuzaga keldi.

Afg'oniston rasmiylari bunga e'tiroz bildirib, devorning Afg'oniston hududida qurilayotganini aytdi. Islomobod esa uning o'z chegarasidan 30 metr ichkarida joylashganini da'vo qildi.

Afg'oniston chegara qo'riqchilari kuch ishlatish haqida ogohlantirgach, qurilish to'xtatildi. Shu bilan birga chegaragi o'tish punkti ham yopib qo'yildi.

Islomobod azaldan qo'shni yurtni chegaralarni yanada mustahkamlashda hamkorlik qilishga chaqirib keladi. Bu narsa har ikki davlat o'rtasida terrorchilarning erkin o'tib yurishiga to'siq qo'yadi, deydi rasmiylar.

Afg'oniston va Pokiston o'rtasida 2500 kilometrli chegara mavjud va bu katta hududni to'liq nazorat ostiga olish juda qiyin.

Ayni paytda ayrim hududlarda chegaralar aniq emas va bu qo'shnilar o'rtasida bahs-munozaraga sabab bo'ladi. Kobul chegara hududlarini qayta ko'rib chiqish talabi bilan chiqqan, ammo Islomobod chegaralar inglizlar hukmronligi davridayoq aniqlab bo'linganini aytib, bu jarayonni boshlashni istamayapti.

Chegaradagi so'nggi mojaro ikki davlat o'rtasida aloqalar taranglashgan bir paytga to'g'ri kelmoqda. Afg'oniston Pokistonni Tolibon bilan tinchlik muloqotini boshlashga ataylab to'siq bo'layotganlikda ayblaydi va Kobulda yuz bergan so'nggi xurujda Pokistonda joylashgan va hukumatdan ko'mak oladigan Haqqoniy tarmog'ining qo'li borligini da'vo qiladi. Islomobod esa bu ayblovlarni rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG