Pokiston va Afg'oniston chegara muammosini "do'stona" hal etdi

  • Amerika Ovozi

Nangarhor viloyatidagi chegara punkti

Nangarhor viloyatidagi chegara punkti

Pokiston rasmiylari Afg’oniston bilan chegara postlari bo’yicha mojaro tinch va “do’stona” ruhda hal etilganini bildirdi. Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishida katta rol o’ynay oladigan Islomobod bilan Kobul o’rtasidagi aloqalarning yaxshilanishi katta ahamiyatga ega.

Dyuran chizig’i nomini olgan chiziqni faqat Pokiston tan olgan. 2400 kilometrlik sarhad ikki davlat o’rtasida ziddiyatga sabab...

Rasmiy Kobul Pokiston armiyasini mamlakat sharqidagi Nangarhor viloyatiga yaqin chegarada yangi post qurayotganlikda aybladi. Islomobod buni inkor etdi.
Yakshanba kuni prezident Hamid Karzay Afg’oniston chegarasida bir tomonlama ravishda qurilgan postlarni buzib tashlashni buyurdi.

Kobulda jurnalistlar bilan uchrashgan Mudofaa vazirligi so’zlovchisi general Zohir Azimiy chegara postlarining qurilishini har ikki davlat tasdiqlashi kerak deb, aks holda ular noqonuniy hisoblanishini aytdi.

“Pokistonning Dyuran chizig’ida va Afg’oniston hududida post o’rnatilishi barcha xalqaro huquq normalari va ikki tomonlama kelishuvlarga ziddir”, dedi rasmiy.

General Azimiy pokistonliklar chegaradan o’tib, Afg’onison hududida 11 ta blokpost qo’yganini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida qatnashgan NATO yetakchiligidagi xalqaro qo’shinlar so’zlovchisi Gyunter Katz “koalitsiya masalani o’rganmoqda” deyish bilan cheklandi.

“Xalqaro qo’shinlar chegaradagi vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Biz ham Afg’oniston, ham Pokiston bilan konstruktiv muloqotni davom ettiramiz,” dedi u.

Dushanba kuni kutilmaganda Islomobod masala Ravalpindida ikki davlat mulozimlarining norasmiy uchrashuvida hal etilganini bildirdi.

Rasmiy bayonotga ko’ra, harbiy operatsiyalarga rahbar general-mayor Afzal Aman boshchiligidagi afg’on delegatsiyasi pokistonlik hamkasbi bilan masalani do’stona hal qilgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Aizaz Ahmad Chodri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda endi vaziyat yaxshilanishiga umid bildirdi. U, shuningdek, ikki davlat Afg’onistonda tinchlik masalasini muhokama qilish uchun uchrashish niyatida ekanini ham aytdi.

Pokiston sobiq elchisi Maliha Lodhi bu haqda shunday deydi:

“Pokiston, Afg’oniston va Qo’shma Shtatlar umumiy maqsad sari, ya’ni Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik o’rnatish yo’lida birgalikda ishlashda davom etadi. Oldimizdagi vazifa murakkab, vaqt oz, qiyinchiliklar esa ko’p, shu jumladan prezident Karzay olib borayotgan siyosat”.

Islomoboddagi diplomat va tahlilchilar fikricha, Pokiston va Afg’oniston orasidagi tarang munosabatlar xalqaro qo’shinlarning mamlakatdan tinch yo’l bilan olib chiqilishi va Tolibon bilan muzokara boshlashni qiyinlashtirishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG