Kobul: Pokiston terror guruhlariga qarshi nomiga kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Haqqoniy tarmog'i a'zolaridan tortib olingan qurollar, Kobul, 30-may, 2013-yil.

Haqqoniy tarmog'i a'zolaridan tortib olingan qurollar, Kobul, 30-may, 2013-yil.

Pokiston Afg’onistonga qarshi rejalangan terror amaliyotlarini to’xtatib qolganini da’vo qilar ekan, Kobul buni rad etmoqda.

Pokiston Haqqoniy terror tarmog’i hujumlarini qaytargani haqida avval to’qigan gaplarini qaytarmoqda, xolos, deydi afg'on rasmiylari.

Afg’oniston prezidenti idorasi chiqargan bayonotda ikki mamlakat o’rtasidagi asosiy kelishmovchilik Pokiston hududida joylashgan terrorchi guruhlar, ayniqsa, Haqqoniy tarmog’i yuzasidan ekani aytiladi.

“Haqqoniy tarmog’i va boshqa terrorchi guruhlarning rahbariyati, boshqaruv va nazorat markazlari, infratuzilma va boshpanalari Pokiston hududi ichida ekani haqida ishonchli dalillar bor”, - deyiladi prezident idorasi e’lon qilgan bayonotda.

Kobul, shuningdek, terror guruhlariga qarshi chora ko’rishi uchun bu dalillarni har doim Islomobodga topshirib kelganini ham qayd etadi.

“Afg’oniston islomiy respublikasi shuni yana ta’kidlaydiki, bu faktlarni inkor qilish ikki mamlakat o’rtasida terrorizmga qarshi kurash hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni kuchaytirish bo’yicha olib borilayotgan hamkorlik asosiga putur yetkazadi”, - deya ogohlantiradi bayonot matni.

Afg’oniston hukumati Pokistonni Haqqoniy tarmog’iga qarshi jiddiy chora ko’rish bo’yicha bergan va’dasining ustidan chiqishga yana bir bor undashini ma’lum qiladi.

Kobulning bu bayonoti Milliy xavfsizlik bo’yicha Pokiston maslahatchisi Sartoj Aziz Haqqoniy tarmog’i bazasining 90 foizi Afg’onistonda joylashgani va Pokistonda qolgan-qutgan manzillari yo’q qilingani va qilinayotganini haqida aytishi ortidan e’lon qilindi.

Aziz shu hafta mintaqaviy konferensiyada ishtirok etish uchun Kobulga keladi. Shu munosabat bilan Afg’oniston va Pokiston rasmiylari o’rtasida o’zaro tushunmovchiliklarni yo’qotish bo'yicha muzokara o’tkazilishi ham kutilmoqda.

AQShning Milliy Xavfsizlik bo’yicha Davlat maslahatchisi Syuzan Rays ham Pokistonga tashrifi chog'ida hukumatni Haqqoniy tarmog’iga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirgan edi.

Pokiston rasmiylari Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda barcha terrorchi guruhlarga qarshi faol harbiy amaliyotlar olib borayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG