Kobul Afg'onistondagi xurujlar uchun Pokistonni ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Tolibon amalga oshirgan xuruj o'rni, Kobul, Afg'oniston, 20-aprel, 2016-yil.

Tolibon amalga oshirgan xuruj o'rni, Kobul, Afg'oniston, 20-aprel, 2016-yil.

Kobulda shu hafta yuz bergan qonli xurujlar ortidan juma kuni mamlakat bo'ylab motam tutildi. Davlat idoralarida bayroqlar yarmigacha tushirildi, masjidlarda halok bol'ganlar haqqiga duo qilindi.

Xavfsizlik bo'yicha Milliy boshqarmaga aloqador va yaxshi qo'riqlangan binoga uyushtirilgan xurujda kamida 70 odam o'lgan. Aksariyati xavfsizlik xodimlari.

Tolibon 2001-yil hokimiyatdan ag'darilgandan beri kuzatilgan eng katta xurujda yana 347 odam yaralangan. Ularning ko'pi oddiy fuqarolar.

Zo'ravonlik afg'onistonliklarni qattiq g'azablantirdi. Prezident Ashraf G'anidan Tolibon bilan tinchlk muloqotini boshlash haqidagi rejalarini to'xtatish va isyonchi guruhga qarshi kurashni kuchaytirish haqida talablar yangradi.

Tolibonni yengish uchun mamlakatning harbiy salohiyati yetarli ekanini savol ostiga olayotganlar bor.

"Xavfsizlik va hukumat idoralarining yuragiga juda yaqin joyda yuz bergan va aniq razvedka ma'lumotlari, xususan, ichkaridan olingan ehtimoliy yordam evaziga amalga oshirilgan bu hujum hukumat va xavfsizlik kuchlari poytaxtni xavfsiz saqlashga qodirmi, degan savolni yana o'rtaga chiqarmoqda", - deb yozdi Kobulda joylashgan "Tahlilchilar tarmog'i" nomli guruh.

Hukumat esa aybni qo'shni Pokistonga to'nkashda davom etmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, xurujda Haqqoniy tarmog'ining qo'li borligi taxmin qilinmoqda.

AQSh va afg'on rasmiylari Tolibon va Haqqoniy tarmog'i Pokiston tuprog'idan turib amaliyotlarni amalga oshirishini aytib keladi. Xususan, Pokistonning razvedka idorasi Tolibon va boshqa jangari guruhlar bilan hamtovoq ekanlikda ayblanadi.

"Haqqoniyning biror hujumi Pokiston yordamisiz amalga oshishi mumkin emas. Bu narsa o'tgan 14 yil ichida qayta-qayta isbotlangan", - deydi prezident so'zlovchisi Dava Xon Minapal.

Prezident Ashraf G'ani Tolibon yetakchilarini muzokara stoliga boshlash uchun Pokistondan yordam istayotgani ham tanqid qilinmoqda.

"Endi Pokistonga bu xurujdan oldin suyanganimizdek suyanmoqchi emasmiz", - dedi uning maslahatchilaridan biri "Amerika Ovozi"ga.

Bu bilan rasmiy seshanba kungi zo'ravonlik ikki mamlakat orasidagi munosabatlarni yanada sovuqlashtirganiga ishora qilmoqda.

O'z nomi oshkor qilinmasligini so'ragan bu rasmiyning aytishicha, afg'on rasmiylari Islomobodning tinchlik o'rnatishni chin dildan istashiga ishonmaydi.

"Afsuski, Pokiston razvedkasi Tolibonning muvaffaqiyat qozonishidan juda umidvor", - deydi u.

Rasmiyga ko'ra, kelasi haftalarda Tolibon hujumlari yanada ko'payishi kutilyapti, ammo guruh may oxiriga borib tinchlik muloqotiga tayyor ekanini e'lon qilishi ham mumkin.

"Ular bu xurujlarda biror siljishga erisha olmaydi. Agar janglar hozirgidek yana 2-3 hafta davom etsa, Pokiston o'rtaga chiqib, Tolibonni muzokaraga qo'shilishga ko'ndirganlarini aytadi", - deydi prezident maslahatchisi.

Pokiston rasmiylari Afg'onistonning bu da'volari haqida biror izoh bermadi.

Kobuldagi hujumlar yuz berishi ortidan Islomobod xurujni keskin qoraladi. Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Muhamad Nafis Zakariya Pokiston Afg'onistonda tinchlikni targ'ib qilish ahdida qat'iy ekanini eslatdi.

Pokiston rasmiylari Afg'onistondagi barqarorlikdan manfaatdor ekanliklarini aytib keladi. Agar chegaraning Afg'oniston tomonida beqarorlik davom etsa, terrorizmga qarshi kurashda qo'lga kiritgan natijalarimiz behuda ketadi, deydi ular.

Xavfsizlik bo'yicha Pokiston rasmiylaridan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Islomobod Tolibonni muzokaraga ko'ndirish uchun bir necha guruhlarga bog'langan, ammo hali natija yo'q.

"Biz bu masalada ishlayapmiz, lekin aniq muddat bera olmaymiz", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG