Afg'oniston-Pokiston aloqalari yana taranglashmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (chapda) Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (chapda) Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan

Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, Pokiston Tolibon ustidan avval o'ylaganlaridan ham kattaroq ta'sir kuchiga ega va hech qachon isyonchilarni Kobul bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga undamagan.

"Pokistonning Afg'onistonga nisbatan yuritgan eski siyosati bekor qilinganini da'vo qilishgan edi, ammo unday emas ekan", - deydi Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'aniga yaqin rasmiylardan biri. U o'z nomining oshkor qilinishini istamadi.

Afg'onlar azaldan Pokistonning harbiy-razvedka idoralarini Tolibon va Haqqoniy tarmog'i jangarilarini qo'llab kelganlikda ayblaydi.

"General Rahil Sharifdan umidimiz ko'proq edi. Lekin u ham hozir Afg'oniston bilan o'yin o'ynayapti. Bergan va'dalarini bajarmadi", - deydi Prezident G'anining yordamchisi Pokiston armiyasi rahbariga ishora qilib.

General Sharif Ashraf G'ani prezident bo'lgandan beri bir necha marta Kobulga kelib, aloqalarni yaxshilash harakatlariga boshchilik qildi. Natijada o'tgan yili iyul oyida Tolibon va afg'on rasmiylari o'rtasida ilk bor yuzma-yuz muloqot bo'ldi.

Ammo o'tgan oy poytaxtdagi Tolibon xudkushlik hujumida 70 ga yaqin odam halok bo'lgach, aloqalar yana taranglashdi.

Kobul bu zo'ravonlik uchun Pokistonda joylashgan Haqqoniy tarmog'ini aybladi va Islomobodni guruhga qarshi harbiy chora ko'rishga chaqirdi.

Xurujlardan g'azablangan G'ani Tolibonni muzokara stoliga chaqirishda Pokistondan ortiq yordam so'ramasligini e'lon qildi. Ayni paytda u muloqot eshigi ochiq qolishini bildirdi.

Afg'oniston prezidenti, shuningdek, Islomobodni o'z hududidagi isyonchilar foydalanib kelgan boshpanalarni yo'q qilishga undadi.

"Hozir har ikki davlat orasidagi munosabatlar juda quyi nuqtada ekani to'g'ri. Ikki mamlakat o'rtasida ishonch mavjud emas", - deydi Afg'onistonning Pokistondagi elchisi Hazrat Umar Zaxilvol.

Pokiston yetakchilari Kobul xurujini qoralab, G'anining tanqidlarini rad qildi. Islomobodning ta'kidlashicha, Pokiston qo'shni yurt uchun yomonlikni ravo ko'rmaydi.

Pokiston, shuningdek, o'z hududida terror guruhlariga qarshi ayovsiz kurash olib borayotganini aytadi.

Tashqi siyosat bo'yicha Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Toriq Fotimiyning aytishicha, Islomobod olib borgan tekshiruv Kobuldagi xurujda Pokistonda joylashgan biror guruh ishtirok etmaganini ko'rsatgan.

"Bu mahalliy darajada amalga oshirilgan terror harakati. Unga Pokistonning aloqasi yo'q. Buni Afg'oniston hukumatiga ham aytdik. Agar ularda buni rad qiladigan biror dalil bo'lsa, biz bilan baham ko'rsin", - deydi Fotimiy.

Rasmiy o'rtada kuchli ishonchsizlik borligini tan oldi, ammo buni bartaraf qilish harakati davom etishini bildirdi.

"Biz Prezident G'anining qonuniy saylangan hukumati bilan ishlayapmiz. Uni qattiq hurmat qilamiz va uning yetakchiligiga ishonamiz. U bilan yaqin ishlashda davom etamiz", - dedi Fotimiy.

U, shuningdek, Pokiston, Afg'oniston, Xitoy va AQSh ishtirokida boshlangan to'rt tomonlama dialog guruhi tinchlik yo'lidagi harakatlarni to'xtatmasligi kerak, degan fikrni olg'a surdi.

"Afg'onlar kelib, bu jarayon endi keraksiz va befoyda deb aytmaguncha, shu yo'lda davom etamiz", - dedi Pokiston rasmiysi.

To'rt davlat diplomatlaridan iborat guruh Tolibon va Kobulni o'zaro muloqotni boshlashga undab kelayotgan edi. Dastlabki bosqich mart boshida Pokistonda o'tishi kutilgan edi, ammo so'nggi lahzalarda Tolibon unda ishtirok etishdan bosh tortgan.

Ammo kutilmaganda, o'tgan hafta guruhning Qatarda joylashgan idorasidan uch vakil aloqa o'rnatish imkoniyatlarini o'rganish uchun Islomobodga kelgan.

Ushrashuv natijalari haqida ma'lumot berilgani yo'q. Lekin tashrif Kobul noroziligiga sabab bo'ldi. Afg'oniston Islomobodni terrorchi guruh bilan muloqot qilganlikda aybladi.

Pokiston Kobul xurujidan so'ng yuz bergan bosim va e'tiborni yumshatish uchun shu ishga qo'l urdi, deydi Afg'oniston prezidentining o'z nomini oshkor qilmagan yordamchisi.

"Pokiston orqali tinchlik muzokaralarini allaqachon to'xtatgan edik. Ammo bu tashrif ularning Tolibon ustidan biz o'ylagandan ham ko'ra kattaroq nazoratga ega ekanini ko'rsatdi", - deydi u.

Rasmiyning da'vo qilishicha, Pokiston Tolibonni mart oyidayoq muzokara stoliga olib kelishi mumkin edi, ammo buni xohlamadi. Aksincha, Tolibon Afg'onistonda bahorgi xurujlarni davom ettirishini istadi, deydi prezident yordamchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG