Afg'onistondagi o'zbek ziyolilari nazarida Tolibon bilan kelishib bo'lmaydi


Afg’onistonda 18-sentabrga rejalangan parlament saylovlari uchun siyosiy kampaniya avjida. Lekin Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, xavfsizlik yuzasidan o’nlab saylov uchastkasi yopiq qolishi mumkin. Xalqaro tashkilotlar vaziyat yomonlashib borayotganiga doir hisobotlar chiqarmoqda.

Toliblar esa aholini saylovda qatnashmaslikka chorlagan. Afg’oniston shimolidagi turkiyzabon elatlar, jumladan o’zbek nomzodlar parlamentda o’rinlarni qo’lga kiritib, o’z dardini hukumatga yetkazishga urinmoqda. Hamkasbim Cevdet Seyhan mavzuni davom ettiradi.

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay Hayit munosabati bilan qilgan nutqida tinchlik yo’lida Tolibon bilan muzokaraga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Lekin Afg’oniston shimolida Jumbushi Milliy Islomiy firqasidan deputatlikka nomzod, o’zbek ziyolisi Anvar Sadot (Enver Sadat) saylovga xavf solayotgan toliblar bilan kelishib bo’lmasligini eslatmoqda. Uningcha, hozirgi bosh vazifa hukumatdan norozi fuqarolarni jangarilarga qo’shilish niyatidan qaytarishdir.

"Tolibon bilan kelishilmaydi. Ular bilan kelishish uchun demokratiyaning, matbuotning darvozasini berkitish kerak. Xotinlarning davlat idoralaridan ishlamoqdan, o'qimoqdan mahrum qilish kerak bo'ladi. Tolibon hokimiyat, pul istamaydi. Ular xorijliklarning Afg'onistondan tamoman ketishini istaydi. Faqat hozir bir ishni qilish mumkin. Davlatdan norozi bo'lib toliblarning safiga qo'shilmoqchi bo'lganlarni qaytarsak, yosh yigitlarni ish bilan ta'minlasak".

Matbuot xabarlariga ko’ra, afg’onlar hukumat doirasida avj olgan korrupsiyadan norozi, rahbarlar mamlakatni boshqarishga ojiz. Toliblar esa nafaqat Karzay ma’muriyati, balki unga ittifoqdosh barcha ajnabiy kuchlar, jumladan AQSh va NATO askarlariga qarshi xurujlarga zo’r bermoqda.

Afg’onistonning pushtular hokim janubiy viloyatlarida notinchlik davom etar ekan, Anvar Sadot uzoq yillar xavfsiz mintaqa sanalgan shimoliy hududlarda ham vaziyat so’nggi oylarda salbiy tomonga o’zgarganini tan oladi.

"Shimolda toliblar kuchga to'lmoqda. Lekin davlat bu to'g'rida jiddiy bir ish qilmayapti. Notinchlikning oldini olish choralarini ko'rmaydi".

Afg’oniston parlamentidagi 249 o’rin uchun butun mamlakatdan jami 2600 nomzod bellashmoqda. Jumbushi Milliy Islomiy firqasi kandidati Anvar Sadot, ushbu partiya safida yoki mustaqil qatnashayotgan o’zbek yoki turkman nomzodlardan 30, balki 35 tasi parlamentga saylanishi kutilayotganini aytib, maqsad - mahalliy elatlarning Kobulda teng huquqli bo’lishiga hissa qo’shishdan iborat, deydi.

"Biz Afg'onistonda yashayotgan millatlarning bittasimiz. Shu yurtga xizmat qilib kelganmiz. Farovon hayot uchun hissa qo'shsak, davlatni yuritishda nafimiz tegsa degan armonlar bilan kurashayapmiz".

Afg’onistonlik o’zbeklardan Anvar Sadot Turkiyada ta’lim olgan. Shimoliy Afg’onistonda e’tiborli Oyna televideniyesi asoschilaridan biri. Deputatlikka nomzod sifatida yaqinda Saripulda o’tkazgan kampaniya paytida u ovoz beruvchilarga murojaat qilib, ishonchingizni oqlayman, deb va’da bergan.

Afg’onistondagi vaziyatni kuzatib turgan mutaxassislar nazarida pushtu-tojik-o’zbek-turkman va hazoralar singari elatlarga bo’lingan mamlakatda markaziy hukumat hozirgi muammolarni yecha olmaydi. Mahalliy boshqaruv organlariga, hokimiyatlarga ko’proq vakolat bermoq lozim, deydi ular.

XS
SM
MD
LG