Afg'oniston qonunchilari xavfsizlik ta'minlanmayotganidan norozi


Afg'oniston parlamenti a'zolari

Kobulda armiyaga qarashli kasalxonaga uyushtirilgan hujum ketidan Parlamentdagi Vakillar majlisi a’zolari xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha mas’ul vazirlar va hukumat rahbariyatini tanqid qilib chiqdi.

Vazirlar masalani muhokama qilar ekan, mazkur kasalxonaga hujumga doir tergov yakunlari hanuz ommaga oshkor qilinmagan. Rasmiylarning aytishicha, “tergov davom etmoqda”.

Vakillar mamlakatda yuz berayotgan salbiy o’zgarishlardan g’azabda.
“Shafqatsiz vaziyatga aylandi. Xuddi biron bir narsani ko’rmagandek, tekshirib ko’rishmadi”, - deydi vakillardan biri armiya kasalxonasidagi hujumni eslab.

Ayrim vakillar esa deputatlarni poraxo’rlikda ayblaydi.

“Bu majlis poraxo’rlikka aralashgan, vaziyatga qarab fikri va qarori o’zgaradi. Bunday majlisning borligi sharmandalik”,- deydi deputat Latif Pidram.

Vakillar ichki ishlar, mudofaa vazirlari va milliy xavfsizlik raisini o’z ishining uddasidan chiqa olmayotganini iddao qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mudofaa vaziri hamda milliy xavfsizlik raisining anjumanlarda uxlab qolgani aks etadi.

“Ishlashga kuchim bor. Bu idorani boshqarib kelganlardan ko’ra ancha yaxshroq ham ishlayapman”, - deydi Milliy xavfsizlik raisi Ma’sum Istonikzoy idaaolarni rad etar ekan.

Xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul idora rasmiylarining majlisga bergan ma’lumotlari qonunchilarni qoniqtira olmadi. Ular ishida davom etsinmi yo’qmi? Deputatlar shu masalada ovoz berdi. Tanqidlar va ziddiyatlarga qaramay, uch idora ham kerakli zarur ovozni olishga muyassar bo’ldi.

Kuzatuvchilar esa xalq vakillarining bu ishidan norozi.

“Mavzu bo’yicha lozim ma’lumotlar ommaga aytilishi zarur edi. Uch rasmiyning ayni damda ovoz olgani kutilmagan jarayon. Bu ham, ko’p narsa xalqdan yashirilganini ko’rsatadi”, - deydi faol Aziz Rafe’.

Deputat Ramazon Bashardo’stning aytishicha, Prezident G’ani vakillarni ogohlantirib, agar vazirlarga ovoz berilmasa, parlamentni bekor qilishini aytgan. Ayni damda prezident vakillarni poraxo'rlik-korrupsiya aybi bilan hatto hibsga olish bilan qo’rqitgan, deydi Bashardo’st.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham prezidentning qonunchilarga tahdid qilgani haqidagi mish-mishlar keng tarqalgan.

“Prezident yomon qo’rqitgan ekan, shekilli”,- deb yozadi Ehson Alizod vazirlarning parlamentdan ovoz olganini kinoya qilib.

Prezident saroyi esa parlamentning bekor qilinishi mumkinligini rad etadi.
Ayni paytda Kobulda uyushtirilgan norozilik namoyishida qatnashgan fuqarolar deputatlarni faqat o’z shaxsiy manfaatlarini o’ylayotganlikda ayblagan. “Vakillarga bergan ovozimiz uchun pushaymonmiz”, - deydi namoyishchilar.

Kuzatuvchilar nazarida parlamentni bekor qilish qiyin. Chunki demokratik davlatlarda parlamentning bo’lishi shart hamda hozirgi hukumatning qayta saylov o’tkazishga va yangi parlament tuzishga kuchi yetmaydi.

XS
SM
MD
LG