O'zbekistonlik siyosatshunos: Afg'on tinchlik jarayoniga Eron va Rossiya jalb etilishi kerak


Afg’onistonda 20 yil urush olib borgan Rossiya tajribasi va maslahati ortiqchalik qilmaydi, deb hisoblaydi olima.

Afg’onistonda 20 yil urush olib borgan Rossiya tajribasi va maslahati ortiqchalik qilmaydi, deb hisoblaydi olima.

So’nggi oylarda Markaziy Osiyo davlatlariga tashrif buyurayotgan AQSh hukumati delegatsiyalarining keti uzilmayapti. Afg’onistondagi jarayonlar bunga asosiy sabab. Afg’onistonni tark etish sanasi yaqinlashar ekan, AQSh hukumatini regionning 2014-yildan keyingi taqdiri xavotirga solmoqda. Mintaqada xavfsizlikni to’la ta’minlashning imkoni bormi? Buning uchun nimalar qilish kerak?

AQShning Indiana va Jon Xopkins universitetlarida ilmiy tadqiqot olib borgan o’zbekistonlik tadqiqotchi, siyosat fanlari doktori Guli Yuldashevaing aytishicha, Afg’oniston muammosiga ijobiy yechim topishda O’zbekiston muhim o’rin tutadi. Buning sababi shundaki, mamlakat hududning geografik va siyosiy markazida joylashgan, deydi u.

"Markaziy Osiyoning taxminan 50 millionlik aholisini 30 millioni O'zbekistonda istiqomat qiladi. Mamlakat asosiy mintaqaviy-kommunikatsion yo'llarning chorrahasida joylashgan bo'lib, beqaror o'tmishga ega va fundamental teokratik davlatlar bilan ham chegaradosh. Bu faktlar, albatta, O'zbekistonning bugungi olib borayotgan siyosatiga va uning AQSh bilan hamkorligiga ta'sir qiladi", - deydi Guli Yuldasheva.

2014-yilda AQShning Afg’onistondagi harbiy missiyasi o’z nihoyasiga yetishi kutilmoqda. Davomiy tinchlikning o’rnatilishidan, avvalo, hududdagi qo’shni davlatlar manfaatdor. Shu bois AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan harbiy, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Bu borada Vashington, ayniqsa, rasmiy Toshkent bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratgan. O’zbekistonning mintaqada tutgan muhim strategik mavqeini Vashington yaxshi biladi, deydi Guli Yuldasheva.Tahlilchi so’zlariga ko’ra, O’zbekiston Afg’oniston bilan do’stona va yaqin hamkor bo’lishni istaydi. Qo’shni o’lkada infrastrukturani qayta qurish yo’lida rasmiy Toshkent o’z yordamini ayamayapti, deydi o’zbekistonlik ekspert.



Guli Yuldasheva afg’on tinchlik jarayoniga barcha tomonlarni jalb qilish kerak degan fikrda. Hatto Tolibon bilan ham muloqotga kirishish lozim, deydi u.

"Tolibonlar bilan muzokaralar, mening fikrim bo'yicha, davom ettirilsa, yaxshi bo'lardi. Yaqinda Hamid Karzay Mulla Umarni hukumatga kiritish imkoniyati haqida gapirgan edi. Mana shu yo'nalishda ish davom etsa, ijobiy natijalar kutish mumkin. Albatta, o'rta me'yorli qismini faqat. Men radikal kuchlarni nazarda tutayotganim yo'q", - deydi siyosatshunos.

Afg’onistondagi vaziyatga bevosita aloqador qo’shni mamlakatlardan biri bu Eron. Mamlakatning bahsli yadro dasturi bois rasmiy Vashington va Tehron munosabatlari izdan chiqqan. Ular o’rtasidagi ziddiyatga yechim topish Afg’onistonda tinchlik o’rnatish jarayoniga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi, deydi o’zbek olimasi. Uning aytishicha, Eron va Pokiston ishtirokisiz afg’on muammosini hal qilish imkonsiz.

"Fikrimcha, eng muhimi, hozirgi kunda Eron-Amerika ziddiyatlarini bartaraf etish. Bu yo'nalishda erishilgan muvaffaqiyat birdaniga ikkita muammoni yechishi mumkin. AQSh-Eron, bir tomondan va AQSh-Pokiston orasidagi ziddiyatlarni kamaytirishga va shu bilan sekin-asta ularning munosabatlarini barqarorlashtirishga olib kelishi mumkin. Ularni jalb etmasdan turib bu mintaqadagi muammolarni hal etib bo'lmaydi. Chunki Pokiston, Eron bevosita Afg'oniston bilan chegaradosh mamlakatlar", deydi tahlilchi.

Guli Yuldashevaning aytishicha, Afg’onistonda 20 yil urush olib borgan Rossiyani ham jarayonga taklif etish kerak. Rossiyaning hududga oid ko’p yillik tajribasi amerikaliklarga qo’l kelishi mumkin, deydi u.

"AQSh Rossiya bilan strategik hamkorlikni e'lon qilgani bilan, hammaga ma'lumki, ular orasidagi ziddiyatlar haligacha yo'qolgani yo'q. Rossiyaning mintaqaviy tajribasini va intellektual kuchini hisobga olib, uning iqtisodiy va boshqa loyihalardagi ishtirokini kuchaytirishni o'ylab ko'rish kerak", - deydi u.

2014-yildan keyingi mintaqa taqdiri haqida oldindan bir gap aytish qiyin. Bu va AQShning hududdagi roli bundan buyon qanday bo’lishi haqida ekspertlar turli fikrda. O’zbekistonlik mutaxassis Guli Yuldashevaning fikricha, AQShning Afg’oniston va mintaqa davlatlari bilan strategik hamkorligi 2014-yildan keyin ham davom etadi.

"Afg'oniston o'z kuchi bilan bugungi holatidan chiqishiga ishonch yo'q, albatta - deydi siyosatshunos. - Ular hali juda zaif. Tokioda 8-iyulda bo'lib o'tgan sammitda nazorat qiluvchi mexanizm taklif qilingan. Mana shu mexanizm muvaffaqiyatli bo'lsa, fikrimcha, sekin-sekin ijobiy jarayonga yo'l ochilishi mumkin. Shunda ham faqat yuqorida sanab o'tilgan muammolar hal qilinsa: Eron, Pokiston va Rossiya muammolari".
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG