Afg'oniston hukumati qisman ish boshladi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani parlamentda nutq so'zlamoqda, Kobul, 20-yanvar, 2015-yil.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani parlamentda nutq so'zlamoqda, Kobul, 20-yanvar, 2015-yil.

Prezident Ahraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdullaning Milliy birlik hukumati ish boshlaganidan to'rt oy o'tib Afg'onistonning qisman shakllangan Vazirlar mahkamasi o'z ishini boshladi.

Shu paytgacha sakkiz vazir va razvedka idorasi rahbari tasdiqlangan. Hukumat a'zolarini tanlash jarayoni sekin va og'ir kechmoqda.

G'ani va Abdulla o'zaro kelishib 19 kishining nomzodini parlamentga taqdim etgan edi; qonunchilar ularning 9 nafarini tasdiqlagan, xolos.

Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy, Ichki ishlar vaziri Nur ul-Haq Ulumiy hamda Moliya vaziri Eklil Hakimiy qonunchilar tasdig'idan o'tgan asosiy nomzodlardan.

Tashqi ishlar vazirligi xodimlari oldida gapirgan yangi vazir Rabboniy terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashda qo'shnilar hamda mintaqa davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashga va'da bergan.

Kobulda joylashgan Afg'oniston tahlilchilari tarmog'ining mamlakatdagi rahbari Keyt Klarkning aytishicha, Tolibon muammosini hal qilishda qo'shni Pokiston bilan hamkorlikni kuchaytirish yangi tashqi ishlar vaziri oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo'ladi. Ashraf G'ani prezident bo'lganidan beri ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar biroz yumshadi, deydi u.

Afg'oniston bo'yab Tolibon hujumlari hanuz davom etmoqda. Isyonchilarning Afg'oniston hukumati xavfsizlik kuchlari orasiga ham suqilib kirayotgani, ayniqsa, xavotirlarni oshirmoqda.

Qo'shma hukumat uchun korrupsiya yana bir ulkan muammo. Moliyaviy qallobliklar fosh etilgach, yaqinda hukumat Mudofaa vazirligining neft ta'minotiga oid barcha shartnomalarni bekor qilgan.

Hukumatning hanuz to'la shakllanmagani yuzasidan Prezident G'ani va Abdullaga nisbatan tanqidlar oshib bormoqda.

Urushdan vayron bo'lgan mamlakat uchun xalq oldida o'z vazifalarini bajara oladigan barqaror hukumat suv bilan havodek zarur, deya fikr bildiradi mahalliy faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG